Terrorizmga qarshi xalqaro koalitsiya yangilanadi

  • Amerika Ovozi

Davlat kotibi Reks Tillerson

22-23 mart kunlari Vashingtonda katta xalqaro anjuman bo'lib o'tadi. Tramp ma'muriyatining maqsadi - "Islomiy davlat"ga qarshi kurashni kuchaytirish. Buning uchun esa hamkor davlatlar va tashkilotlar bilan kelishib olish kerak, deydi rasmiylar. 60 mamlakat va blokdan mehmonlar taklif etilgan. AQSh Davlat departamenti yig'inga mezbonlik qiladi.

Terroristlarni yo'q qilish uchun qay usullardan foydalanish lozim? Ekstremizmning ildiziga qanday qilib bolta urish mumkin? Shu kabi azaldan muhokamada bo'lgan mavzu va savollar o'rtaga tashlanadi.

Bu anjuman ko'plab hukumatlar va tashkilotlar uchun AQShning yangi rahbariyati bilan tanishish imkoniyatidir.

Ikki kunlik muloqotga Davlat kotibi Reks Tillerson boshchilik qiladi. Global koalitsiyani yangilash, uning harbiy va noharbiy maqsadlari uchun kim nima taklif qilishini ko'rib chiqish ko'zlangan, deydi Amerika diplomatlari.

Koalitsiya rejalagan insonparvarlik va taraqqiyot loyihalari uchun 1,5 milliard dollar zarur. Shunday ekan, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash yo'lida mehmonlardan moliyaviy hissa qo'shish ham so'raladi.

Reks Tillerson, AQSh Davlat kotibi

Aslida bu koalitsiya 2014-yilda Prezident Barak Obama tashabbusi bilan tuzilgan. O'shanda ham o'nlab davlatlardan "Islomiy davlat" va boshqa terror guruhlariga qarshi samarali kurash usullarini taklif qilish va birgalikda harakat qilish so'ralgan edi.

Suriyadagi urushda hukumatni quvvatlab kelayotgan Rossiya bu koalitsiyada emas. Prezidentlar Donald Tramp va Vladimir Putin yaqinda telefon orqali gaplashganida terrorga qarshi urushda hamkorlik qilishga kelishib olgan edi. Shu bois yaqinlashayotgan anjumanda balki Kreml vakillari ham qatnashar degan taxminlar bor.

Rossiya AQShda 2016-yilgi prezident saylovlarida kiber-xurujlar uyushtirganlikda gumon qilinar ekan, Davlat departamenti va Mudofaa vazirligiga ko'ra, Kreml bilan yaqinlashuv haqida hozircha biror yangilik yo'q.