AQSh "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda Iroqqa qurol va'da qildi

  • Amerika Ovozi

Anbar viloyati, Iroq

Iroq qo'shinlari "Islomiy davlat" nazoratidagi Anbar viloyatiga hujumlarini davom ettirar ekan, tunda Falluja shahri yonida bir necha odam o'zini portlatib, 17 askarni nobud qilgan. Hukumat viloyatni guruhdan tortib olishga, Ramadi shahrida jangarilarni ta'minot tizimidan uzishga harakat qilmoqda.

Amaliyotda Qo'shma Shtatlar havodan yordam bermoqda. Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest AQSh Iroq armiyasini zarur harbiy anjomlar, tankka qarshi qurol bilan ta'minlashini ma'lum qildi.

Uning aytishicha, Iroq hukumati "Islomiy davlat"ga qarshi kurashga barcha mazhab vakillarini jalb etishi lozim.

Pentagon matbuot kotibi, polkovnik Stiv Uorrenga ko'ra, hozirning o'zida shia jangchilar sunniy kuchlar bilan yonma-yon jang qilmoqda.

"Bu - katta yutuq. Iroq bir bo'lsagina, g'alaba qozonadi", - dedi u.

Iroq Bosh vaziri Haydar Abadiy Ramadi bir necha kunda jangarilardan tozalanadi, deya va'da bergan.