Daesh yil boshidan beri Suriya lagerida 47 odamni o'ldirgan

  • Amerika Ovozi

Lagerdagi reyd paytida

Suriyaning AQSh qo’llab-quvvatlovchi “Suriya demokratik kuchlari” guruhiga ko’ra, shu yil yanvaridan beri “Islomiy davlat” jangari to’dasining yashirin guruhlari Suriya shimoli-sharqida joylashgan va Daesh jangarilarining oila a’zolari saqlanuvchi “Al-Hol” lagerida 47 odamni o’ldirgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 5-aprel, 2021-yil

Mahalliy rasmiylarga ko’ra, lager hududida yer ostiga yashirilgan qurollar topildi. Jihodchilar qurbonlaridan biri o’smir yigit bo’lib, qarindoshlari uning o’limi haqida terror guruhiga aloqador ijtimoiy sahifalardan eshitganini aytadi.

“Daish o’ldirgan bolaning jasadini olish uchun al-Holga bordik. Uning yoshi 13-14 atrofida edi”, - deydi Adnan Solih Selo ismli bir odam.

“Suriya demokratik kuchlari” o’tgan hafta yirik reyd o’tkazib, “Islomiy davlat”ga aloqadorlik gumoni bilan kamida 70 odamni hibsga oldi.

Yusuf Rojih Iroqning Musul shahridan chiqqan qochqin bo’lib, “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bir jangari u va to’rt do’stiga o’q otganini, natijada do’stlaridan ikkisining halok bo’lganini, o’zining esa og’ir yaralanganini aytdi.

“Chodirda o’tirgandik. U keldiyu, to’pponchadan o’q uzib qochdi”, - deydi Yusuf.

Tarkibini asosan kurdlar tashkil etuvchi “Suriya demokratik kuchlari”ning 5000 jangchisi reyd paytida chodirma-chodir yurib, jangarilar va ularga aloqador odamlarni ushlagan. Qo’lga olinganlardan besh nafarining “Islomiy davlat”da katta lavozimda ekani aniqlandi.

Al-Hol lagerida 60000 ming odam yashaydi, aksariyati Daesh jangarilarining rafiqalari va bevalari, ko’plab bolalar bor.