Bag'dod Avstraliya harbiylarini huquqiy himoya bilan ta'minlaganicha yo'q

  • Amerika Ovozi

Avstraliyaning olti jangovar samolyoti o'tgan hafta Iroqda AQSh boshliq koalitsiyaga qo'shilgan.

Avstraliya Bosh vaziri Toni Abbotning aytishicha, Iroq hukumati mamlakatga jo'natilgan avstraliyalik askarlarni zarur huquqiy himoya bilan ta'minlaganicha yo'q.

Askarlar Iroq xavfsizlik kuchlariga "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda yordam berayapti.

Avstraliya harbiylari Iroq uzra parvozlar va havo hujumlarida qatnashib, jangarilarni yakson qilishda hal qiluvchi rol o'ynayapti, deydi Toni Abbot.

O'tgan hafta bu davlatning olti jangovar samolyoti Iroqda AQSh boshliq koalitsiyaga qo'shilgan edi. Lekin Abbot mamlakatga piyoda qo'shinlar jo'natmoqchi emas.

Amerika Prezidenti Barak Obama kecha Vashington yaqinidagi bazada harbiy qo'mondonlar bilan ko'rishib, jangarilarga qarshi amaliyotlarni muhokama qildi.

Uning aytishicha, "Islomiy davlat"ni faqat qurol bilan yengib bo'lmaydi. Iroq va Suriyada qurol ko'tarishga majbur bo'lgan guruhlar maqsadini aniqlab, ularni bu yo'ldan qaytarishni uddalashimiz kerak, deydi Obama.

Oq uy rahbari Suriyaning, asosan, kurdlar yashovchi Kobani shahridagi ahvoldan xavotir bildirdi. Bu shaharda kurd jangchilari "Islomiy davlat" bilan ayovsiz kurashayapti.

Pentagonning bildirishicha, AQSh qiruvchi samolyotlari va Saudiya Arabistoni jangovar samolyotlari dushanba va seshanba kunlari "Islomiy davlat" manzillarini o'qqa tutib, Kobanining katta hududlaridan chekinishga majbur qilgan.