Belgiya xalqaro koalitsiyaga qo'shildi

  • Amerika Ovozi

Belgiyaning F-16 qiruvchi samolyotlari koalitsiyaga yordam beradi.

Amerika boshliq koalitsiyaning jangovar samolyotlari va dronlar bugun ham Iroq va Suriyada "Islomiy davlat" jangarilari manzillarini o'qqa tutayapti.

Bu orada, Belgiya xalqaro koalitsiyaga qo'shildi. Mamlakat bir necha jangovar samolyotini safarbar etishi kutilmoqda.

AQSh Markaziy qo'mondonligining bildirishicha, Suriyaning Dayr uz-Zavr viloyatida bir necha tank yo'q qilingan.

Suriyadagi ahvolni kuzatayotgan huquq tashkiloti esa "Islomiy davlat"ning asosiy qarorgohlaridan biri vayron qilinganini aytmoqda.

Iroqda jangarilarga qarashli zirxli mashinalar nishonga olingani ma'lum. Kirkuk, Bag'dod va al-Qayum kabi shaharlarda yana bir necha mashina va jangari punktlariga zarba berilgan.

Britaniya ham Iroqdagi harbiy kampaniyaga qo'shiladi. Britaniya parlamenti bugun masalani yoqlab ovoz bergan.

Bu mavzuni ko'targan Bosh vazir Deyvid Kameron nazarida harbiy amaliyotlar bir necha yil davom etishi mumkin. Lekin havo hujumlarini amalga oshirish zarur, chunki "Islomiy davlat" guruhi G'arb mamlakatlari, jumladan, Britaniya va uning fuqarolariga ziyon qilishi aniq.

Jangarilar shu yilning yozida Iroqning katta hududlarini bosib oldi. "Islomiy davlat" qisqa vaqt ichida AQSh treningidan o'tgan va AQSh tomonidan qurollangan Iroq qurolli kuchlarini chekinishga majbur qildi. Hozirning o'zida ekstremist guruh Suriyaning yirik manzillarida nazorat o'rnatib ulgurgan.