"Islomiy davlat" ga qarshi koalitsiya vakillari AQShda

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama va Iroq Bosh vaziri Haydar al-Abadiy Oq uyda o'tgan uchrashuvda "Islomiy davlat"ga qarshi kurashni kuchaytirish haqida gaplashdi. Ana shu kurash doirasida AQSh Davlat departamenti ham yangi bir tashabbus bilan chiqqan.

Your browser doesn’t support HTML5

"Islomiy davlat"ga qarshi delegatsiya, Behzod Muhammadiy

"Islomiy davlat"ga qarshi koalitsiyaga a'zo 11 davlat vakillaridan iborat delegatsiya Davlat departamenti homiyligida AQSh bo'ylab safar qilmoqda.

Ular Vashington, Nyu-York va San-Fransiskoda yetakchi hukumat rasmiylari va texnologiya sohasi vakillari bilan uchrashadi. Asosiy mavzu jangarilarning propaganda usullariga qarshi kurashni kuchaytirish.

"Asosiy sabab ishsizlik va qashshoqlik. Bilasiz, bu odamlarning aksariyati yaxshiroq hayot kechirishni istaydi va ular buni o'z mamlakatlarida topa olmaydi", - deydi marokashlik qonunchi Muhammad Binxaldun.

Xavfsizlik masalalari bo'yicha misrlik tadqiqotchi Xolid Okashaga ko'ra, "Islomiy davlat" xorijliklarga yaxshiroq hayot va'da qilishda ijtimoiy tarmoqlardan unumli foydalanmoqda.

"Ular sarguzashtga, yangi narsalarga qiziqadigan hamda ichidan zo'ravonlikka moyil yoshlarni ovlamoqda", - deydi u.

AQSh rasmiylari hisobiga ko'ra, "Islomiy davlat" safida 20 mingdan ziyod xorijlik jangari bor. Ularning, taxminan, 3400 nafari G'arbdan.

Ular orasida "Jihodchi Jon" laqabi bilan tanilgan, buyuk britaniyalik ekani aytiladigan kallakesar ham bor.

Yaqinda Turkiya orqali Suriyaga o'tib ketgan uch o'smir qiz ham jangarilar safiga qo'shilgani taxmin qilinadi.

Musulmon jamiyatlari maxsus vakili Sharik Zafarning aytishicha, AQSh Davlat departamenti xorijiy hukumatlarga "Islomiy davlat" propagandasiga qarshi kurashda ijtimoiy tarmoqlarlardan samarali foydalanish yo'llarini o'rgatmoqda.

"Guruhdan qochgan yoki adashib borib qolgan va ular safida kurashib, hayot o'ylaganidek emasligini tushungan odamlarning hikoyalarini ommaga yetkazish kerak. Bularning ta'siri yaxshi bo'ladi", - deydi u.

Chunki, deydi faol, "Islomiy davat" mafkurasini yengishda bu ideologiyaning xatolarini topish va ularni fosh qilish muhim.