"Islomiy davlat" to'dasiga qarshi yangi informatsion kampaniya

  • Amerika Ovozi

Qo'shma Shtatlar va Birlashgan Arab Amirliklari "Islomiy davlat" ekstremistlar guruhiga qarshi kurashni kuchaytirish uchun yangi kampaniya boshladi.

Informatsion loyiha jangarilar targ'ib etayotgan mafkurani inkor etish, Yaqin Sharq bo'ylab mo'tadil qarashlarni va tolerantlik g'oyasini yoyishga qaratilgan.

"Savob" markazi Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu Dabida joylashgan. Twitter va YouTubeda joylashtirilgan ilk videosida bayon etilishicha, jangarilar islom e'tiqodini badnom qilib, nafrat va qo'rquvni targ'ib etmoqda.

"Maqsad odamlarni "Islomiy davlat" guruhiga qo'shilmaslikka undash. Ularga o'zini davlat va xalifat deb atayotgan bu guruh haqida haqqoniy ma'lumot beramiz", - deydi AQSh Davlat kotibi muovini Richard Stengel.

Iroq va Suriyaga yo'l olayotgan xorijiy jangchilar oqimini to'xtatish, guruhni moliyaviy manbalardan ayirish - AQSh tuzgan strategiyaning asosini tashkil etadi. Harbiy jahbada esa koalitsiya samolyotlari "Islomiy davlat" nazoratidagi hududlarga o'tgan yildan buyon besh mingdan ortiq bomba tashlagan.

Natijada ayrim shahar-qishloqlar ekstremistlardan tortib olindi, ammo Suriyaning Raqqa shahri va Iroqning ayrim katta shaharlarida "Islomiy davlat" mahkam o'rnashib olgan.

Xalqaro koalitsiya 60 dan ziyod davlatni o'z ichiga oladi. Umumiy dushmanga qarshi kurash bu davlatlarni bir-biriga yanada yaqinlashtirgan. "Ammo terrorizmga qarshi kurash kun va oylar bilan o'lchanmaydi, bunga uzoq yillar vaqt kerak", - dedi AQSh rasmiysi Richard Stengel.