Internet - jihodchilar qo'lida kuchli qurol

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

"Islomiy davlat" faqat jangchi yollayotgani yo'q

“Islomiy davlat” ekstremistik guruhi safida 20 ming xorijlik borligi ma’lum. Jangarilarga qo’shilish uchun dunyoning turli chekkalaridan yoshlar Iroq va Suriyaga jo’nab ketgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Internet - jihodchilar qo'lida kuchli qurol/Shohruh Hamro

Nohukumat tashkilotlar ma’lumotiga ko’ra, mintaqaga yo’l olayotgan erkak va ayollarning hammasi ham qo’liga qurol olmaydi.

Yuqori sifatli, jozibali videolar bilan yoshlarni jihodga chaqirish… razvedka bo’yicha mutaxassislarga ko’ra, terrorchi guruhlar orasida aynan “Islomiy davlat” bu ishni qoyillatib bajaryapti.

Internet - odam yollashda asosiy vositalardan biri.

“Terrorist deganda faqatgina yuziga niqob tortilgan va qo’lida qurol ko’targan odamlarni tasavvur qiladigan paytlar o’tib ketdi”, - deydi Keneshbek Saynazarov, “Murosa Izlab” (Search for Common Ground) xalqaro tashkilotining Qirg’izistondagi rahbari.

Vashingtonda asoslangan bu tashkilot 30 mamlakatda faoliyat yuritib, mojarolarni hal qilishda hamkorlik va hamjihatlikka urg’u beradi. Xususan, Qirg’izistonda yosh jurnalistlarning malakasini oshirish dasturini yuritadi.

“Jihodchilar a’zo yollashda turli usullarni qo’llamoqda. Kishining yurish-turishi, jamiyatdagi o’rni, kasbiy faoliyatini uzoq vaqt kuzatishadi. Yovuz guruh bo’lsa-da, “Islomiy davlat”dan ko’p narsa o’rganish mumkin”, - deydi Keneshbek Saynazarov.

U yaqinda Vashingtonga tashrif buyurib, rasmiylar va nohukumat tashkilotlar bilan shu mavzuda muloqotda bo’ldi. Saynazarov so’zlariga ko’ra, “Islomiy davlat” xotin-qizlarni ham o’ziga jalb etishi bejiz emas.

Qirg’izistondek davlarlarda, deydi u, qizlar 25 yoshgacha turmushga chiqmasa, jamiyatdan, oilasidan, tengdoshlaridan ajralib qoladi. Bundaylar ayniqsa tibbiyot sohasida o’qiyotganlar orasida ko’p.

“Islomiy davlat” ularga najot beradi…

“Ayollarga o’z mahallasidagi gap-so’z, tanqidlardan qochish, illatdan xoli bir jamoaga qo’shilish imkoniyati beriladi”, - deydi Saynazarov.

Iroq va Suriyadagi jangarilar ijtimoiy tarmoqlarda juda faol. Xalifalikni boshqarish uchun turli soha vakillarini – o’qituvchi, sudya, texnokrat, shifokor va muhandislarni o’z safiga qo’shilishga chaqirmoqda, deydi rasmiylar.

AQSh diplomati Robert Bradke yaqinda Kongressda shu mavzuda so’zladi.

“Ijtimoiy saytlardan foydalanishni yaxshi bilgan odamlar, texnika-anjomlarni tuzatadigan ustalar, tibbiyot xodimlari… xullas, biror malakaga ega odamlarni chaqirib olishyapti”, - deydi u.

“Islomiy davlat” safida qo’liga qurol olmaydigan a’zolar qancha ekani noma’lum. Razvedka ma’lumotlariga ko’ra, jihod yo’lida Iroq va Suriyaga otlanganlarning yarmidan ko’pi “Islomiy davlat”ga qo’shilmoqda.