Ismoil Isakov: Qirg'in haqida haqiqatni xalqning o'zi biladi

Muvaqqat hukumat, deydi Isakov, xunrezliklarning oldini olish va qirg'inga nuqta qo'yish uchun qo'ldan kelgan barcha ishni qildi. U fojiada asosan sobiq prezident Kurmanbek Bakiyev va unga sodiq to'dalarni ayblaydi.

52 yoshli general-leytenant va deputat Ismoil Isakov Qirg’izistonda qilmishlari uchun xalq oldida javob berishi kerak bo’lgan shaxslardan.

O’tgan yilning iyun oyida O’sh va Jalol-Obodni qaqshatgan qirg’in yuzasidan tekshiruv olib borgan milliy komissiya yaqinda mana shunday bayonot bilan chiqdi.

Komissiyaning Qirg’izistonning yangi rahbariyatiga tavsiyasi shuki, qirg'in paytida bosh vazir o'rinbosari bo'lgan Azimbek Beknazarov, janub uchun maxsus vakil Ismoil Isakov, Ichki ishlar vaziri Bolot Sherniyazov, xavfsizlik kuchlari boshlig'i Keneshbek Duishebayev, Bosh prokuror Boytemir Ibrayev, O’sh, Jalol-Obod viloyatlari va shaharlari hokimlari hamda bir necha mahalliy rasmiylarni javobgarlikka tortish kerak.

Ibrayev hozirda iste'foga chiqqan. Isakov va Sherniyazov parlamentga saylangan. Beknazarov va Duishebayev esa hamon o'sha lavozimlarda.

Komissiya raisi Abdug’ani Erkebayev deydiki, dunyoda bu singari fojialar yuz bergach, odamlar aybdor ekanini his etib, lavozimlarini o’zi xohlab bo’shatadi.

“Xohlamasa, ketishga majbur qilinadi”,- deydi Erkebayev, o’tgan oy tekshiruv xulosalarini taqdim etar ekan.

General-leytenant Ismoil Isakov qirg'in yuz bergan paytda janub uchun maxsus vakil edi

Ismoil Isakov, bugun Qirg’iziston Sotsial-Demokratik Partiyasi a’zosi sifatida parlamentda o’tiribdi. “Amerika Ovozi” bergan savollarga qisqa va mavhum bir javoblar qiladi.

Uningcha, komissiya va umuman jamoatchilik bu mojaroning faqat etnik jihatiga e’tibor berib, siyosiy faktorlarga ko’z yummoqda. Isakov qirg’in bo’lganini, asosan o’zbeklar jabr ko’rganini tan oladi.

Bu to’polon boshdan oyoq aprel oyida prezidentlikdan ketgan Kurmanbek Bakiyev va uning klanining ishi, deydi Isakov.

Hokimiyatga qaytish uchun ular hech narsadan qaytmadi, deydi o’sha paytda janub uchun mas’ul bo’lgan Isakov.

“Xunrezliklar avj olar ekan, ularni bartaraf etish uchun o’z vazifamni sidqidildan bajarishga harakat qildim”, - deydi u.

Aynan nima qildingiz? – deya so’raymiz undan.

“Muvaqqat hukumat tuzilganida janubda Bakiyevga sodiq to’dalar va fuqarolar orasida kelishmovchiliklar kuchaygan bir payt edi. Odamlar Bakiyevdan norozi ekan, uning klani zo’ravonlikka berilayotgan edi. Turli joylarda xurujlar kuzatilayotgan edi. O’sh, Jalol-Obod, turli qishloq va tumanlarda. Kuch organlarining boshida o’tirganlar Bakiyevning odamlari edi. Muvaqqat hukumatning ularga bas kelishi oson emas edi. Lekin biz bas keldik”,- deya ishontirishga urinadi Isakov.

Iyun oyining 13-14-kunigacha esa minglab insonlarning yostig’i quridi. Minglab xonadonlar kuyib kul bo’ldi. O’nlab mahallalar, butun boshli tumanlar yer bilan yakson bo’ldi.

“Muvaqqat hukumat xunrezlikka nuqta qo’yish uchun qo’ldan kelgan barcha chorani ko’rdi va bunga erishdi”,- deydi Isakov.

Siyosatchining tushuntirishicha, qirg’inda uch guruh ishtirok etgan. Bir guruh O’shdan chiqqan qirg’izlar, ikkinchisi shimoli-sharqdan bo’lgan, ya’ni Bishkek, Jalol-Obod va Oloy vodiysidan. Uchinchi to’da esa, deydi Isakov, janubi-g’arbdan, xususan Botken, Qadamjoy va Novqat tomondan kelgan qirg’izlar.

Isakov 11 iyun kuni O’shga borganida shimoli-sharqiy hududlardan kelgan to’dalar bilan gaplashganini aytadi. Ular 4-5 ming orasida edi, deydi u.

“Men ularga ochiq aytdim: tarqalinglar, uyingizga qayting. Biz bu zo’ravonliklarga chidab o’tirmaymiz dedim. Ular yo’llarni yopib qo’yishgan. Otishma bo’lsa, odamlar o’ldirilsa, jinoyatchilarni tutib, qonunan qattiq jazolaymiz deb ogohlantirdim. Ular armiyani mensimayotgan, qonun-tartibot organlarini yaqinlashtirmayotgan edi. Eng qo’rqinchlisi, ular harbiylardan qurol-aslaha, brone-texnikani tortib olgan. Militsiya qo’lida hech vaqo qo’lmagan. Hatto dubinka ham qolmagan. Men darhol bolalar, ayollar va keksa yoshdagilarni himoya qilish uchun buyruq berdim. Va biz ularni xavfsiz joyga olib chiqdik. Men bu yerda qirg’izlar emas, o’zbek aholi haqida gapirayapman. Xatolar bo’lganiga shubham yo’q, lekin biz insonlar hayotini asrab qolishga harakat qildik”,- deydi Isakov.

General-deputat muvaqqat hukumat har jihatdan zaif bo’lganini, Bishkekda o’tirgan rahbarlar qo’lida ma’lumot bo’lsa-da, qattiq choralar ko’rishga qodir bo’lmaganini yashirmaydi.

Lekin, deya bahslashadi u, bu - muvaqqat hukumat xatoga yo’l qo’ydi degani emas.

"Qirg’inning to’xtagani – katta yutuq emasmi? To’xtamaganda nima bo’lar edi? Tasavvur qiling”,- deya qizishadi u.

Qirg’iz armiyasi, xavfsizlik kuchlari, militsiya va butun tizim qirg’iz manfaatidan kelib chiqqan holda ish tutgan. Huquq himoyachilari, nodavlatlar tashkilotlar qo’lida buni isbotlovchi dalillar juda ko’p.

“Yo’q, bu yolg’on”, - deydi Isakov, “Tizim tarafkashlik qilgan emas”.

Harbiy kiyimidagi odamlar aholini talagani, xo’rlagani rost, deydi u, lekin ular aslida askar yoki militsioner bo’lgan emas.

Shuningdek, deydi Isakov, militsiya ichida va zobitlar orasida Bakiyevga sodiq odamlar bor edi, ular muvaqqat hukumatni tan olmay o’z bilganicha ish tutgan.

Qizig’i shundaki, bugun aybni Bakiyevning odamlariga ag’darayotgan Isakovning o’zi Bakiyev qo’lida mudofaa vaziri edi, keyinchalik esa xavfsizlik kengashi kotibi.

Keyinchalik u muxolifat tomonga o’tib ketdi. 2010 yilning yanvarida esa harbiy hay’at uni korrupsiyada aybdor deb topib, sakkiz yillik qamoq jazosiga hukm qildi. General-leytenant unvoni undan tortib olindi.

Oradan uch oy o’tib, Bakiyev prezidentlikdan olingach, Isakov yangi, muvaqqat boshqaruvdan o’rin oldi.

Qirg’iziston qurolli kuchlari safida qancha o’zbek bo’lgani, nega ular oz sonni tashkil etgani haqida so’raganimizda, Isakov “Gap elat yoki uning vakillari sonida emas”, deydi.

“Odam harbiy xizmatga millatga qarab emas, sog’liq va salohiyatga qarab tanlanadi”,- deydi u.

Militsiya va xavfsizlik tepasida Bakiyevning odamlari o’tirar ekan, janubda o’zbeklar kamsitilgani sir emas, deydi Isakov.

Iyundagi xunrezliklarda ayblanib qamoqqa olingan va sudlanayotganlarning ko’pi o’zbeklar. Isakov bu borada lom-mim demaydi.

Fojia yetkazgan talofat, u qoldirgan alam-anduh va qo’rqinchni yengish uchun ko’p vaqt va mehnat talab qilinadi, deydi Isakov.

O’sha dahshatli kunlarda nima bo’lgani haqida esa xalqning o’zi xulosa qiladi, buning uchun xalqaro yoki milliy komissiya hisobotini o’qish shart emas, deydi u.