Isroil va HAMAS sulhga amal qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Bag'dodda Turkiyaga qarshi namoyishlar

Kecha Isroil va HAMAS o’rtasida erishilgan 72 soatlik sulhga hozircha amal qilinmoqda. Tomonlar Qohiraga vakillarini yuborib, sulhni uzaytirish xususida muzokara qilishi kutilmoqda.

8-iyulda boshlangan Isroil harbiy amaliyotida 1800 dan ziyod falastinlik nobud bo’lgan, asosan oddiy fuqarolar. Isroil 67 askari va uch fuqarosini yo’qotgan.

Misrdagi muzokaralarga AQSh davlat kotibi Jon Kerri va Misr rasmiylari vositachilik qiladi. Uning aytishicha, har bir tomon murosa qilishga tayyor turishi kerak.

Qo’shma Shtatlar G’azo xalqiga ko’proq erkinlik berilishi kerakligini qo’llab-quvvatlaydi, ammo falastinliklar Isroil tomon hujumlarini bas qilishi zarur, deydi Kerri.

HAMAS Isroildan G’azo qamalini bekor qilishni talab qilib keladi. Bundan sektor iqtisodiyoti zarar ko’rmoqda, falastinliklar hududni tark eta olmayapti.

Kecha Isroil G’azodan barcha qo’shinlarini chiqargan. Unga ko’ra, harbiy amaliyot natijasida 32 ta tunnel yo’q qilingan. Isroil jangarilar tunnellar orqali Isroilga o’tib, hujumlar uyushtirganini aytadi.

Falastinliklar vayron bo’lgan uylariga qaytmoqda.