Isroilning Eronga cheklangan hujumi taranglikka barham beradimi?

  • Amerika Ovozi

Eron Isroil dronlar bilan Isfahon shahridagi harbiy bazaga hujum qilganini, dronlar urib tushirilganini bildirdi. Isroil Eronning 13-apreldagi hujumlarini javobsiz qoldirmasligini ta’kidlab kelgan edi. Eron matbuotiga ko’ra, Isroil raketa qo’llamagan. Isroilning o’zi bu haqdagi xabarlarni izohsiz qoldirmoqda, hujum uning ishi ekanini tan olgani yo’q.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 19-aprel, 2024-yil

Eronning hududda joylashgan Natans yadro zavodi Isroil hujumida zarar ko’rmagan. G’arb aynan shu zavodda Eron atom bombalari yaratayotganini taxmin qilib keladi.

Payshanba kuni Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amirabdullahiyon BMT Xavfsizlik Kengashida so’zlab, Isroil Eronga hujum qilsa, Tehronning javobi qattiq bo’lishi haqida ogohlantirdi.

“Isroildagi terrorchi rejim manfaatlarimizga qarshi harbiy avantyuraga chek qo’yishi kerak. Aks holda ajralmas huquqimizdan foydalanib, rejimni harakatlari uchun afsuslantiruvchi qat’iy va tegishli javob beramiz”, - dedi u.

Ayrim kuzatuvchilar Isroil Eron bilan katta urush boshlamaslik maqsadida dron hujumlari bilan cheklanganini, raketalarni ishga solmaganini taxmin qiladi.

AQSh, Yevropa Ittifoqi, Rossiya, Xitoy Eron va Isroilni bosiqlikka chaqirdi.

Tel-Aviv universiteti tahlilchisi Uzi Rabining aytishicha, ikki davlat o’rtasidagi soya urushi ochiq to’qnashuv shakliga kirmoqda. Shu bilan birga, deydi mutaxassis, Isroilning cheklangan darajadagi hujumi va Tehronning bunga bosiq munosabati sahna ortidagi diplomatik harakatlar muvaffaqiyatidan dalolatdir.

Italiyaning Kapri shahrida “Katta Yettilik” guruhiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari majlisida qatnashgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, uning mamlakati Isroil xavfsizligini ta’minlash majburiyatiga sodiq, ammo Eronga qarshi amaliyotga aralashmagan.