Isroil ozodlikka chiqadigan falastinliklar ro'yxatini chop etdi

  • Amerika Ovozi

Isroil qamoqxonasida 20 yildan beri saqlanayotgan falastinlik Salah al-Shoirning onasi o'g'lining suratini o'pmoqda, Al-Shoir tez orada ozod etilishi kutilmoqda, G'azo Sektori, 12-avgust, 2013-yil

Isroil Falastin bilan tinchlik muloqotini jonlantirish xususida chorshanba kunga rejalangan muzokara oldidan ozodlikka chiqishi kutilayotgan 104 falastinlik mahbusdan 26 nafarining shaxsini ma'lum qildi.

Ularning aksariyati 1980-yillar oxiri, 1990-yillar boshida isroilliklar va Isroil bilan hamkorlik qilgan falastinliklarga qarshi qotilliklarda ayblanmoqda.

Qo'shma Shtatlar muloqotga vositachilik qilar ekan, Isroil jarayon qanday kechishiga qarab jami 104 kishini ozod etishi mumkin.

Isroil qamoqxonalaridagi mahbuslar taqdiri bilan shug'ullanuvchi Falastin vaziri Iso Qaraj buni ijobiy qadam va yutuq deb atadi.

Falastinlik mahbuslar tomonidan o'ldirilgan isroilliklarning oila a'zolari hukumatning bu qaroridan norozi. Ular nazarida Benyamin Netanyaxu hukumati terrorchilarni rag'batlantirmoqda.

Bugun Isroil matbuotida ozod etilishi kutilayotgan 26 mahbusning ismlari chop etildi.

Bu o'rtada Isroil arablardan tortib olingan yerlarda 1200 ta yangi uy qurish uchun pudratchilarni yollamoqda. Falastin-Isroil tinchlik muloqoti uch kundan keyin jonlanishi kutilayotgan bir paytda bu hol jarayonga pand berishi mumkin.

Falastin Sharqiy Quddusni bo’lajak davlatining poytaxti sifatida ko’radi. U yerda 800 ta uy qurilishi rejalanmoqda. Iordan daryosining g’arbiy sohilida esa 400 ta. Falastin G’arbiy Sohilga ham da’vo qiladi.

Arablar Isroilning bu rejasini qoralab, ikki tomon muzokarachilarining uchrashuvi oldidan qurilishlar e’lon qilinganini tanqid qilmoqda.

Falastin bosh muzokarachisi Soib Erekatning aytishicha, Isroil bu bilan muzokaralar natijasini oldindan belgilamoqda.

"Bu o’zaro ishonchga putur yetkazadi", - dedi Erekat.

Isroil bosh vaziri so’zlovchisi Mark Regevning aytishicha, tender haqidagi qaror tinchlik muzokaralarini to’xtata olmaydi.

"Qurilishlar Quddus va yirik kvartallarda ketmoqda. Tinchlik muzokaralari so’nggi 15 yildan beri kechayotgan bo’lsa, bu hududlar doim Isroilning bir qismi bo’lib qolgan. Bu joylardagi yangi qurilishlar jarayonga g’ov bo’lolmaydi", - dedi Regev.

Isroil G’arbiy Sohilni arablar bilan bo’lgan 1967-yil urushida tortib olib, so’ng Sharqiy Quddusni ham o’ziga qo’shib olgan. Biroq bu yerlar BMT tomonidan Isroil hududi sifatida tan olinmagan.