Bugungi dunyo suratlarda - 2-yanvar, 2024

Yaponiyaning Kanazava hududida zilziladan keyingi manzara

2-yanvar kuni Tokioning Xaneda aeroportiga qo'nish chog'ida Sohil xavfsizligi xizmati samolyoti bilan to'qnashib ketgan "Airbus A-350" samolyotida yong'in chiqdi. Bortdagi yo'lovchilar va ekipaj xodimlaridan iborat jami 379 odamning barchasi xavfsiz evakuatsiya qilingan. Biroq Sohil xavfsizligi samolyoti bortidagi besh kishi halok bo'lgan, uchuvchi esa qochib ketgani xabar qilingan. "Airbus A-350" to'liq yonib kulga aylangan.

 

G'azoning Rafah shahrida taom tayyorlayotgan oila

XAMAS, Hizbulloh va Livan televideniyesining bildirishicha, Isroil dron vositasida Bayrutga uyushtirgan hujum chog'ida XAMAS liderlaridan birini o'ldirishga muvaffaq bo'lgan. Qurbon XAMASning qurolli otryadlari qo'mondoni, guruhning G'arbiy sohildagi operatsiyalariga mas'ul Solih Aruriy ekani ma'lum qilingan. Aruriy bilan birga yana uch kishi halok bo'lgan. Isroil tomoni bu borada biror bayonot bermagan. Ekspertlar bunday qadam qurolli to'qnashuvlarning mintaqaviy tus olishiga turtki bo'lishidan ogohlantirmoqda. Hizbulloh yetakchilari esa Isroildan qasd olinishini aytmoqda.
 

Rossiyaning Kiyevga hujumi natijasida tabiiy gaz quvuri portladi

Angliya janubida junbushga kelayotgan Xenk to'foni

2-yanvar tongida Janubiy Koreyaning Pusan shahriga tashrif buyurgan muxolifat lideri Li Jey Myon bo'yniga pichoq urildi. Siyosatchi avval Pusan shifoxonasiga, so'ng Seul Milliy universiteti shifoxonasiga yetkazilgan va tirik qolgan. Politsiya siyosatchidan dastxat olish bahonasida uni pichoqlagan 67 yoshli shaxsni voqea joyida qo'lga olgan. Muxolifat lideri 2022-yil prezident saylovida mamlakatning amaldagi rahbari Yun Suk Yolga raqib bo'lgan va bor-yo'gi 0,7 foiz ovoz farqi bilan mag'lub bo'lgan edi.