Yaponiya Shimoliy Koreya hujumiga hozirlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Koreya yadro tahdidi Yaponiyani mudofaaga jiddiy e’tibor qaratishga majburlamoqda. Tokio so’nggi paytda qator mashqlar o’tkazmoqda. Bu mamlakat ahlining xavotir olishicha, agar urush boshlansa, AQShning mintaqadagi ittifoqchisi sifatida Yaponiya birinchi nishonga aylanishi mumkin.

Kenji Oribe ismli tadbirkorning kompaniyasi yadro qurolidan saqlanadigan yerosti uylar quradi. So’nggi paytda ularga talab oshgan.

“Bomba portlashiga chidamli eshiklar, favqulodda chiqish uchun lyuklar, havo nasoslari kabi ba’zi narsalarni Shveysariyadan keltiramiz. O’zimizda yo’qligi uchun mijozlarimdan sabr qilishni so’rayman”, - deydi u.

Ventilyator zararli gazlar yoki nurlanishning ichkariga kirishiga imkon bermaydi. Bunday yerto’lalar yadro hujumidan yaxshi himoya vositasidir. Yer ostida hayot kechirish uchun barcha zarur anjomlar bor.

“Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombalari tushganidan ikki hafta o’tib, radiatsiya darajasi birinchi kunga qaraganda ming marotabaga tushgan. Tashqariga chiqish xavfsiz bo’lgan o’shanda”, - deydi Oribe.

Agar Shimoliy Koreya yadro hujumini boshlasa, Yaponiyada aholini ogohlantirish uchun 6-7 daqiqa vaqt bo’ladi. Ko’p odamlar urush bo’lishiga ishonmasa-da, tayyorgarlik avjida.

Yapon dengizi bo’yida yashovchi aholi evakuatsiyani mashq qilmoqda.

“Qo’rqyapmiz. Farzandlarim uchun qo’rqaman”, - deydi ikki bolaning onasi.

Yaponiyada karnaylar, uyali telefon va kompyuterlar orqali aholini tezkor ravishda ogohlantirish tizimi mukammallashtirilmoqda. Mamlakat g’arbida esa raketaga qarshi mudofaa tizimi ishga tushdi.

Tavakkal qilib bo’lmaydi, deydi Kenji Oribe. U kompaniyasi quradigan himoya yerto’lalarini tavsiya qiladi.

“72 yil avval Ikkinchi jahon urushida mag’lub bo’lganmiz. Hozir yana urush yoqasida turibmiz. Bu gal mag’lub bo’lishimizni istamayman”, - deydi u.

Kenji Oribe taklif etayotgan xavfsizlik choralari arzon emas. Bir dona yerto’la 165 ming dollar turadi. Ammo xaridorlarning keti uzilmayapti.