Yapon qonunchilari Tibetga ozodlik so'ramoqda

  • Amerika Ovozi

Tibet diniy rahnamosi Dalay Lama Yaponiyada asosiy muxolif guruh, Liberal-Demokratik partiya sardori, sobiq bosh vazir Shinzo Abe bilan parlamentda uchrashmoqda, Tokio, 13-noyabr, 2012-yil.

Yaponiya sobiq bosh vaziri Shinzo Abe Tibet diniy rahnamosi Dalay Lama bilan uchrashuvdan so’ng o’lkada ozodlikka chaqirdi. Xitoy hukumati shu zahotiyoq uning bayonotini qoralab chiqdi. Dalay Lama Tokioda Yaponiya parlamentining 130 deputati bilan uchrashdi.

"Qonunchilar Tibetda aziyat chekayotgan xalqqa yordam berishga ahd qildi. Hech bir odam ozod bo’lish uchun o’z joniga qasd qilmasligi kerak", - dedi sobiq bosh vazir.

Dalay Lama yaponiyalik deputatlarga Tibetga borishni taklif qilib, odamlar o’zini u yerda nega yoqayotganligini o’rganishga chaqirdi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Xon Ley Dalay Lama va rasmiy Tokioni keskin tanqid qilib, ekstremist bo’lginchi guruhlarga turtki berayotganlikda aybladi.

"Yaponiyada o’ng qanot siyosatchilar Dalay Lamaning Xitoyga qarshi qarashlarini ochiqchasiga qo’llab-quvvatlab, Pekin ichki ishlariga aralashmoqda. Biz buni qoralaymiz", - dedi Xitoy rasmiysi.

Xitoy xavotiri shuki, Shinzo Abe yana hokimiyatga qaytish ehtimoli bor va Xitoyga qarshi hissiyotlar davlat siyosatiga aylanishi mumkin. Abe hozirda yirik muxolif guruh - Liberal-demokratik partiyani boshqarmoqda.

So’nggi paytda ikki davlat munosabatlari taranglashgan, ayniqsa Yaponiya Sharqiy Xitoy dengizidagi ayrim orollarni o’zlashtirib olgach. Pekin orollarni o’z hududi deb biladi.

Tibetlik faollar va buddistlar Xitoyni o’lka madaniyati, tili, o’zligini toptayotganlikda ayblaydi. 2009-yildan beri 72 tibetlik Xitoy siyosatiga norozilik ramzi sifatida o’ziga o’t qo’ygan.