Iordaniyada qirolga qarshi fitna fosh etildi

  • Amerika Ovozi

Shahzoda Hamza

Iordaniyada Qirol Abdulla Ikkinchiga qarshi fitna fosh etildi. Hukumatning bildirishicha, bu ishga aloqadorlik gumoni bilan 20 ga yaqin odam hibsga olingan, jumladan 59 yashar qirolning 41 yashar ukasi Hamza bin Husayn.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 5-aprel, 2021-yil

Hamza sobiq valiahd shahzoda bo’lib, ayni paytda u uy qamog’ida. Xabarlarga ko’ra, Hamza anchadan beri tergov ostida edi. Fitnada qirolning ayrim qarindoshlari, mahalliy qabilalar yetakchilari va siyosiy arboblar, jumladan sobiq moliya vaziri qatnashgani aytiladi.

Fitnaga aloqasi borligini qat’iyan inkor etayotgan shahzoda Hamzaning avdokati orqali matbuotga bildirishicha, unga ko’chaga chiqish, telefon va internet orqali aloqa qilish man qilingan, qo’riqchilaridan ham ayrilgan.

Iordaniya sobiq qirolichasi va Hamzaning onasi Nurning “Twitter” orqali bayonot berishicha, o’g’liga qarshi ayblovlar tuhmatdir. Nur marhum qirol Husaynning amerikalik rafiqasi, Abdulla esa uning britaniyalik turmush o’rtog’i Munadan tug’ilgan.

Abdulla Hamzadan katta bo’lgani uchun 1999-yilda Qirol Husaynning vafoti ketidan taxtga chiqdi. 2004-yilda Hamza valiahd shahzoda unvonidan mahrum etilishi ketidan aka-uka o’rtasidagi munosabatlar taranglashadi. Ayni paytda qirolning 26 yashar o’g’li Husayn taxt vorisi.