Qandahorda 300 ming giyohvandga bitta kasalxona

  • Amerika Ovozi

Afg’oniston janubidagi Qandahor shahrida 300 mingga yaqin giyohvand ro’yxatga olingan. Ularning soni oshishda davom etmoqda. Shahar ma’muriyati ularga yordam berishga ojiz.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 13-noyabr, 2020-yil

Nazar Muhammad giyohvandlikdan qutulish uchun maxsus dasturga yozilmoqchi, biroq buning uchun 4 oy kutishga majbur.

“Muolajani hoziroq boshlashga tayyorman, ammo reabilitatsiya markazlari yetishmayapti. Hukumat giyohvandlar uchun ko’proq kasalxona qurib berishi kerak”, - deydi u.

BMT hisobiga ko’ra, mamlakatda 15 yoshdan 64 yoshgacha bo’lgan bir millionga yaqin odam yoki aholining sakkiz foizi giyohvandlikdan jabr ko’rmoqda. Aksariyati Qandahordan.

“Agar shaharda narkologiya klinikalari ko’paysa, ko’p giyohvandlar o’z xohishi bilan reabilitatsiya uchun murojaat qilardi”, - deydi afg’onlardan biri.

Qandahorliklar o’z mahallalarida nashavandlar ko’payayotganidan tashvishda.

“Shaharda ularning soni shunchalik ko’pki, hamma balolar ulardan kelib chiqyapti. Masjidlardan oyoq kiyim o’g’irlashgacha borishadi. Hukumat ular bilan shug’ullanmasa bo’lmaydi, katta kasalxona qurib berishi kerak toki bu odamlar normal hayotga qaytsin”, - deydi Abdul Vali ismli qandahorlik.

Odamlar, asosan, ishsizlik va hayotga ishonchsizlikdan qoradoriga ruju qo’yayotgani aytilmoqda. Qandahor viloyatida 70 bemorga mo’ljallangan faqat bitta ixtisoslashgan kasalxona bo’lib, giyohvand moddalarga tobelikdan qutulishni istagan odamlar yordam olish uchun oylab navbatda turishga majbur.