Ozarbayjon va Armaniston orasida Moskvada muzokaralar

  • Amerika Ovozi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning taklifi bilan Ozarbayjon va Armaniston tashqi ishlar vazirlari ilk bor Moskvada yuzma-yuz uchrashdi. Muzokaralarga Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov vositachilik qilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 9-oktabr, 2020-yil

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarovaning aytishicha, Rossiya Tog’li Qorabog’ mojarosiga barham berishning turli yo’llari ustida ishlamoqda.

Sahna ortida ixitlofni tugatishga qaratilgan harakatlar avjida ekan, Tog’li Qorabog’ uchun janglar to’xtagani yo’q. Og’ir artilleriya, harbiy samolyotlar va dronlar tunda tinmagan.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog’ning 1990-yillarda armanlar bosib olgan Jabroyil shahri ozod etilgani, dushman harbiy texnikasi qo’lga kiritilgani haqida ma’lum qildi.

Turkiya Tog’li Qorabog’dagi mojaroda tarixiy ittifoqchisi, qardosh Ozarbayjonni qo’llab-quvvatlarkan, xalqaro bosimga qaramay, shartsiz sulhga da’vatlarni inkor etmoqda.

“Ozarbayjon armiyasining muvaffaqiyatlari Turkiya bilan chuqurlashgan harbiy hamkorlikka borib taqaladi. Turkiya Ozarbayjon qurolli kuchlarini tayyorgarlikdan o’tkazgan, jangovar dron kabi harbiy texnika va “nou-xau” ulashdi”, - deydi Istanbuldagi Iqtisodiyot va tashqi siyosiy izlanishlar markazidan Sinan Ulgen.

Anqara Bokuga yordami orqali mintaqadagi ta’sirini kuchaytirishga intilmoqda, deydi ayrim kuzatuvchilar. Ozarbayon va Armaniston ixtilofida aholi punktlari ham nishonga olinar ekan, mojaroning kengayish ehtimoli xavotir uyg’otmoqda.

Ayrim mamlakatlar va NATO Turkiyani Ozarbayjonni sulhga ko’ndirishga chaqirmoqda.

“Harbiy harakatlarning kuchayayotganidan tashvishdamiz. Barcha tomonlar to’qnashuvlarni to’xtatib, mojaroni tinch yo’l bilan hal qilish yo’lini topishi zarur. Turkiya ziddiyatlarga barham berishda o’z ta’sirini ishga solishi kerak”, - dedi shu hafta Turkiya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashgan NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg.

Ozarbayjon Armanistondan 1990-yillarda bosib olingan hududlarni tark etishni talab qilarkan, Prezident Ilhom Aliyev Turkiyaning har qanday vositachilik tashabbuslarida ishtirok etishini xohlaydi.

“Armaniston zudlik bilan harbiy harakatlarni to’xtatib, egallab turgan hududlarni qaytarishi, qo’shinlarini u yerdan chiqarishi lozim. Bunga doir jadval ishlab chiqib, Ozarbayjon hududiy daxlsizligini kafolatlashi zarur”, - deydi Turkiya prezidentining maslahatchisi, professor Mesut Jashin.

AQSh va Rossiya kabi yirik davlatlar tomonlarni shartsiz sulhga chaqirsa-da, mojaroga aralashgisi yo’q.

“Xalqaro hamjamiyatga bu mojaro chegaradan chiqmagandek, mintaqani beqarorlashtirishi ehtimoli yo’qdek tuyulmoqda. Shu sabab sulhga qaratilgan da’vatlar va quruq bayonotlardan nariga o’tishmasa kerak”, - deydi Sinan Ulgen.