Qozog'iston Tashqi ishlar vazirligi Ahror Saidahmetov haqida bayonot berdi

  • Amerika Ovozi

Ahror Saidahmetov (chapda), tarjimon (markazda) va Abdurasul Jo'raboyev suddan olingan suratda. 25-fevral, 2015-yil.

Qozog'iston Tashqi ishlar vazirligi Ahror Abrorovich Saidahmetov Amerikada qo'lga tushgani, "Islomiy davlat" guruhiga aloqadorlikda gumon qilinayotganidan xabardor.

Vazirlikning bildirishicha, Saidahmetov 1995-yilning 26-iyunida Qozog'iston janubida, Turkiston shahrida tug'ilgan.

2011-yilning oktabrida, 16 yoshida qo'shni O'zbekistonga chiqib ketgan va shundan beri Qozog'istonga qaytmagan.

Nyu-Yorkdagi konsullikda ro'yxatdan o'tmagan, deyiladi vazirlik ma'lumotida. Ayni damda Saidahmetov yoki uning yaqinlari biror yordam so'rab hukumatga murojaat qilgani yo'q, deyiladi unda.

Yordam so'rab arz qilsa, unga huquqiy madad ko'rsatiladi, deydi rasmiylar.

Qozog'iston, deyiladi vazirlik bayonotida, xalqaro hamjamiyat va AQSh bilan birga ekstremizm va "Islomiy davlat" guruhiga qarshi yelkama-yelka kurashmoqda. Mazkur ishni tergov qilishda Amerika hukumatiga ko'maklashishga tayyormiz, deydi rasmiylar.

Suddan olingan chizmada Ahror Saidahmetov (chapdan uchinchi) va Abdurasul Jo'raboyev (chapdan to'rtinchi). Bruklin, Nyu-York, 25-fevral, 2015