Qozog'istonda namoyishga chiqqanlar hibsga olindi

  • Amerika Ovozi

Nur-Sulton shahri, 18-dekabr, 2019-yil

Qozog’istonda politsiya inson huquqlarini yaxshilash va siyosiy mahbuslarni ozod qilish talabi bilan namoyishga chiqqan muxolifat a’zolari va fuqarolik huquqlari faollarini hibsga olgan.

“Ozodlik” radiosiga ko’ra, poytaxt Nur-Sultonda kamida 50 nafar, Almatida esa 40 ta namoyishchi ushlangan. Ular Mustaqillik kuni bahonasida talablarini hukumatga eshittirish uchun chiqqan edi.

16-dekabr Qozog’istonda ramziy ma’noga ega. 1986-yilda sovet paytida Olma-Ota shahrida markaziy hukumatga qarshi namoyishlar va tartibsizliklar ro’y berib, Jeltoqsan nomi bilan tarixga kirgan. 2011-yil 16-dekabrida esa Janao’zenda konchilar ish tashlab, politsiya bilan to’qnashuvda 15 odam o’lgan edi.

Nur-Sultondagi namoyish paytida “Janao’zen-Jeltoqsan. Hech qachon unutmaymiz, kechirmaymiz” shiorlari yangragan. Namoyishchilar 16-dekabrni mamlakatda motam kuni deb e’lon qilishga chaqirdi.

Almatida esa “Uyg’on, Qozog’iston!”, “Nazarboyevsiz Qozog’iston uchun”, “Chol, ket!” shiorlari bilan chiqishgan. Namoyishchilar mahalliy hokimlar va sudyalarning saylanishini talab qilgan.

Har ikki namoyish ruxsatsiz va shu sabab noqonuniy bo’lgani aytilmoqda.

Namoyishlar ortida surgundagi sobiq siyosatchi va millioner Muxtor Ablyazov va uning “Qozog’iston demokratik tanlovi” siyosiy harakati turgani aytilmoqda. Harakat Qozog’iston sudi tomonidan ekstremistik tashkilot deb e’tirof etilgan va faoliyati man qilingan. Yevropa Parlamenti sud qarori siyosiy ekanini aytib, uni tanqid qilgan.