Qozog'istondagi otishmada militsiya xodimlari o'ldi

  • Amerika Ovozi

Almati, Qozog'iston

Qozog'istonning Almati shahrida qurollangan odamlar bir necha militsionerni otib o'ldirdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma'lum qilayapti.

"Hujumchilardan biri ushlandi. Ikkinchisi qidiruvda", - deyiladi vazirlik bayonotida.

"Reyter" axborot agentligi kamida to'rt militsioner o'lganini xabar qilayapti. Hujumlar shaharning uch yerida bir paytning o'zida sodir etilgan. Huquq-tartibot xodimlari orasida yaradorlar bor. Militsiya idorasi, milliy xavfsizlik idorasi va gavjum bozor nishonga olingan.

Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev mamlakatda terror xurujlari xavfi nihoyatda kuchli deya favqulodda choralar ko'rayapti.

Hibsdagi va qidiruvdagi shaxslarning ismi sharifi e'lon qilinmayapti. Hujum ortidagi sabablar haqida ham sharxlar hali yo'q.

Bir oy oldin Aktobe shahrida qurollangan kishilar harbiy bazada va qurol-aslaha do'konida otishma boshlab, 20 kishini o'ldirgan edi. Bu hamlani "Islomiy davlat" to'dasiga xayrixoh odamlar amalga oshirgani aytilgan.