Kerri Afg'onistonga tashrif buyurdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (chapda) Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay bilan, Kobul, 25-mart, 2013-yil.

Kutilmaganda, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Afg’onistonga tashrif buyurdi. Kobulda u prezident Hamid Karzay bilan uchrashib, mamlakat xavfsizligi va keyingi yil bo’lib o’tadigan saylovlar haqida gaplashgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Jon Kerri Afg'onistonda, Behzod Muhammadiy

Jon Kerrining Afg’onistonga tashrifi shu paytgacha AQSh qaramog’ida bo’lgan mahbuslarning afg’onlar qo’liga topshirilishi bilan bir kunga to’g’ri keldi. AQSh bugun Bagram harbiy bazasi yaqinidagi Parvon qamoqxonasini to’liq afg’onlar ixtiyoriga o’tkazdi. Davlat departamenti rasmiylari so’ziga ko’ra, xavfli jinoyatchlarni qattiq nazorat ostida saqlash bundan keyin ham davom etadi.

Qamoqxona Kobul ixtiyoriga shu oy boshida o’tishi kutilayotgan edi. Ammo xavfsizlik borasida o’rtaga chiqqan xavotirlar marosimning kechiktirilishiga sabab bo’lgan. Turma bo’yicha so’nggi kelishuvga AQSh Murofaa vaziri Chak Xeygel va prezident Karzay o’rtasida shanba kuni o’tgan telefon muloqotida erishilgan.

Eslatib o’tamiz, ushbu qamoqxonaning bir qismi va undagi 3000 Tolibon jangarisi o’tgan yili Kobul ixtiyoriga topshirilgan edi.

Vashington qamoqxona nazoratini to’liq afg’onlarga yuklashga shoshilmaganini ayrim mahbuslarning qo’yib yuborilishi xavfi mavjudligi bilan izohlaydi.

Ayni paytda Kobul toliblar bilan muzokaralarni kuchaytirish tarafdori. Afg’oniston Tashqi ishlar vazirligining e’lon qilishicha, Hamid Karzay shu masala yuzasidan yaqinda Qatarga boradi. Tashrif davomida arab o’lkasida Tolibon vakolatxonasini ochish masalasi muhokama qilinishi kutilmoqda. Ayrim kuzatuvchilar fikricha, 11-yillik mojaroga barham berish uchun Tolibon bilan sulhga erishish lozim.