AQSh tashqi ishlar vaziri Afrika bo'ylab safarda

  • Amerika Ovozi

Jon Kerri Nayrobida Keniya Prezidenti Uxuru Kenyatta bilan uchrashdi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Keniyaga safar qildi. U Sharqiy Afrika davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan fuqarolar urushi yoqasida turgan Janubiy Sudandagi vaziyatni muhokama qiladi.

Majlisdan oldin Kerri Nayrobida Keniya Prezidenti Uxuru Kenyatta bilan uchrashdi.

Bir vaqtlar Sudan tarkibida bo’lgan Janubiy Sudan 2011-yilda mustaqillik e’lon qildi, ammo neftga boy bo’lishiga qaramay, fuqarolar urushi, zo’ravonliklar, Sudan bilan hududiy tortishuvlar sabab bu mamlakatda hayot farovonlashmadi.

Jon Kerri va Afrika vazirlari parlament va prezident saylovlariga hozirlanayotgan Somali xususida ham gaplashadi.

Shundan so’ng Amerika davlat kotibi Nigeriya va Saudiya Arabistonida bo’lib, “Boko Haram” terrorchilariga qarshi kurash va Yamandagi vaziyat bo’yicha fikr almashadi.

Nigeriya

Nigeriyaga o'tadigan muzokaralarda bosh mavzular korrupsiya va xavfsizlikdir. Jon Kerri poytaxt Abujada Prezident Muhammadu Buxoriy bilan uchrashishi kutilmoqda.

AQSh va Nigeriya munosabatlari murakkab bir davrdan so'ng sekin-asta rivojlanib, orada hamkorlik oshib bormoqda. Sobiq Prezident Gudlak Jonatan ma'muriyati paytida Nigeriya rasmiylari bizga Boko Haram guruhi bilan kurashish uchun qurollar bermayapsiz, deb shikoyat qilgan.

Vashingtonning xavotiri shu ediki, Nigeriyaga qurollar berilsa inson huquqlari bilan bog'liq vaziyat yanada salbiylashishi mumkin.

Boko Haram Nigeriya xavfsizligi uchun eng katta tahdid hisoblanadi. Ekstremist guruh 2009-yildan buyon 20 ming odamni o'ldirgan, 2,7 million kishi boshpanasiz qolgan.