Kerri Xitoy va Janubiy Koreyada

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Pekinda Xitoy Prezidenti Si Zinpin bilan uchrashmoqda, 17-may, 2015-yil

AQSh Davlat kotibi Osiyo bo'ylab safari chog'ida Janubiy Koreyaga tashrif buyurdi. U Prezident Pak Kin Xe va Tashqi ishlar vaziri Yun Byon Se bilan ikki tomonlama aloqalar, regional va global mavzularni muhokama qiladi. Tomonlar Shimoliy Koreya yadro dasturi xususida ham gaplashadi.

Bundan oldin Kerri Xitoyda bo'lib, Prezident Si Zinpin bilan muloqotda bo'ldi. Xitoy rahbari sentabr oyida AQShga tashrif buyurishi kutilmoqda. Kerri xitoylik hamkasbi bilan ham uchrashib, Janubiy Xitoy dengizidagi bahsli orollar yuzasidan fikr almashdi.

Pekin va unga qo'shni bir necha davlat dengizdagi orollarga da'vo qiladi. Xitoy Spratli orollarida infrastruktura qurib, qo'shnilarini asabiylashtirmoqda.

Filippin zudlik bilan bunga qarshi chora ko'rish kerak, demoqda. Janubi-sharqiy davlatlar uyushmasi esa Xitoyga murojaat qilib, uning bir tomonlama harakatlari mintaqaviy tinchlikka tahdid ekanini bildirdi.

Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yi Kerri bilan muloqotda Pekin dengizdagi hududlar haqida gaplashishga tayyor ekanini aytdi. Biroq, dedi u, Xitoy orollardagi qurilishlarni to'xtatmaydi.

Pentagon dengizda harakatlanish erkinligini ta'minlash uchun hududga harbiy kema va samolyotlar yubormoqchi. Pekin bunday qadam provokatsiya bo'ladi, deya ogohlantirmoqda.