Kerri: "Islomiy davlat"ni yengish uchun Suriya mojarosiga chek qo'yish lozim

  • Amerika Ovozi

Kerri Rimdagi majlis paytida

Seshanba kuni AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Rimda 20 davlat tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashib, "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi harakatlarni kuchaytirish xususida gaplashdi.

Kerri AQSh yetakchiligidagi koalitsiyaga kiruvchi mamlakatlar vazirlari bilan ko'p qirrali strategiyani muhokama qildi. Italiya Tashqi ishlar vaziri Paolo Gentiloni yutuqlarga to'xtaldi.

"Yaxshi kunlarimiz ham bo'ldi, yomon kunlarimiz ham. Ammo oxirgi paytlarda yutuqlarimiz ko'proq. Daish Iroqda hududlarining 40 foizidan ayrildi, Suriyada esa 20 foizidan. Bu hamkorlikdagi harakatlarimiz va qat'iyatimiz natijasidir", - dedi Gentiloni.

Majlis yakunida vazirlar qo'shma bayonot qabul qilib, harbiy kampaniyani kuchaytirish va jadallashtirishga kelishib oldi.

Kerri Suriyadagi gumanitar ahvolga ham e'tibor qaratish kerakligini aytdi. Uning nazarida dunyo Ikkinchi jahon urushidan beri bu qadar fojiaga guvoh bo'lmagan. "Islomiy davlat"ni yakson etish uchun Suriya mojarosiga yakun yasash lozim, dedi Kerri.

"Daishni qisqa vaqt ichida yengmoqchimisiz? U holda Suriya urushini muzokara orqali tugatish kerak. Daishga qarshi barcha kuchlar birlashsagina, uni yengish mumkin", - dedi Kerri.

Unga ko'ra, "Islomiy davlat"ga qarshi harbiy harakatlar natijasida o'tgan yil may oyidan beri guruhning 90 ga yaqin o'rta va yuqori darajali rahbarlari yo'q qilingan, Turkiya-Suriya chegarasi deyarli butunlay nazoratga olingan.

Kerrining aytishicha, fursatdan foydalanib, jangarilarning o'ziga kelib olishiga, taktikasini o'zgartirishga imkon va vaqt bermaslik kerak.