Kerri: "Islomiy davlat" to'dasi qatliomlarda aybdor

  • Amerika Ovozi

Davlat departamentida so'zlar ekan, bosh diplomat jangari guruh yazidiylar va boshqa ozchilik elat, din ahlini ommaviy ravishda qirgani aniq, dedi.

Amerika Davlat kotibi Jon Kerri "Islomiy davlat" to'dasini qatliomlarda aybladi. Davlat departamentida so'zlar ekan, bosh diplomat jangari guruh yazidiylar va boshqa ozchilik elat, din ahlini ommaviy ravishda qirgani aniq, dedi.

"Bugun bayonot berishimdan maqsad Daish haqida xulosamni aytish. To'da o'z nazoratidagi hududlarda yazidiylar, nasroniylar va shia musulmonlarni ommaviy ravishda o'ldirayapti. Bu jangari guruhning mohiyati, maqsadi va mafkurasi qatliomdir", - deydi Jon Kerri.

Amerika bosh diplomatining aytishicha, terrorchi jamoa insoniyatga qarshi jinoyatlar, etnik qirg'inlarni to'xtovsiz amalga oshirayapti.

Davlat departamenti va qator tashkilotlar jamlagan razvedka ma'lumoti asosida ana shunday xulosaga kelingan. Ekstremist to'da u yoki bu elat, din ahlini faqat e'tiqoti va millati uchun o'ldirib, qiz va ayollariniqul qilayapti, nomusiga tegib zo'rlamoqda.

Kongress Obama ma'muriyatiga 17-martga qadar muhlat bergan, ungacha "Islomiy davlat" guruhining Iroq va Suriyada ozchilik elat va din vakillariga qarshi qilmishlari yuzasidan aniq xulosa berilishi kerak edi.

Jon Kerrining aytishicha, Amerika va xalqaro koalitsiya aralashmaganida "Islomiy davlat" butun boshli elat va e'tiqodlarni yo'q qilib yuborishi aniq edi.

Qatliom haqidagi bayonot AQShni biror qaror bilan chiqishga majbur qilmaydi, lekin Obama ma'muriyati jangarilarga qarshi agressiv, qat'iyatli choralar bilan chiqishiga asos bo'lishi mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 18-mart, 2016-yil