Kerri Yaqin Sharq va Yevropada Suriya, migrantlar mavzusida gaplashadi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri shu hafta Rossiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Iordaniya rahbarlari bilan Suriyadagi vaziyatni muhokama qilishi kutilmoqda. Kerriga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Suriyaning butunlay vayron bo'lishini istamaydi.

"Hamma, shu jumladan Rossiya va Eron, Suriya mojarosiga harbiy yechim yo'q, deb keladi. Demak, siyosiy yechim topishimiz kerak. Suriyada inson fojiasiga guvohmiz. Bu esa bir qator mamlakatlarga tahdid solmoqda", - deydi Kerri.

Rossiya uch haftadan beri Suriyada jangarilarni nishonga olmoqda, biroq AQSh nazarida nafaqat "Islomiy davlat" guruhi, Prezident Bashar Assadga qarshi kurashayotgan isyonchilar ham bombardimon qilinmoqda.

Kerrining aytishicha, agar Rossiyaning maqsadi Assadni himoya qilish bo'lsa, jangarilar safi yanada kengayadi.

AQSh davlat kotibi Yevropaning migrantlar muammosiga yuz tutayotganini xavotir bilan tilga oldi.

"Suriyada zo'ravonlikka barham berilmasa, qochqinlar yanada ko'payadi", - deydi u.

Shu kunga qadar Suriyaga qo'shni davlatlar 4,2 million suriyalikni qabul qilgan, shulardan ikki milliondan ortig'i Turkiyada. Aytish joiz, Yevropaga nafaqat Suriyadan, balki Liviya, Iroq, Afg'oniston va boshqa mamlakatlardan ham odamlar yo'l olmoqda.

Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron fuqarolarning mojaro zonalarida jangarilar safiga qo'shilishining oldini olish uchun ba'zi choralarni taklif etmoqda. Jumladan, farzandlarining Suriya yoki Iroqqa ketishi mumkinligidan xavotir olayotgan ota-onalarga bolalarining pasportini olib qo'yish taklif etilmoqda. Shuningdek, rejaga ko'ra, terroristik yoki ekstremistik harakatlarda ayblanib, qamoqdan chiqqan odamlarga bolalar bilan ishlash man qilinadi.