Kerri Keniyada terrorga qarshi kurashni muhokama qildi

  • Amerika Ovozi

Kerri Nayrobida 1998-yilda xuruj sodir etilgan joyga gulchambar qo'ymoqda

Keniyaga borgan AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bu mamlakatda 1998-yilgi xurujda nobud bo'lganlarni xotirladi. O'shanda AQSh elchixonasi portlatilgan edi.

"Qo'shma Shtatlar terrorga qarshi kurashni qo'llab-quvvatlashda davom etadi", - dedi Kerri.

Unga ko'ra, terrorchilar hech qachon ustun kela olmaydi, odamlar ko'ngliga qo'rquv solib, ularni bo'lib qo'ya olmaydi.

"Kelajak ularniki emas", - dedi Kerri.

Davlat kotibi Keniya Prezidenti Uxuru Kenyatta bilan uchrashib, qo'shni Somalida qo'nim topgan al-Shabab jangari guruhiga qarshi kurashning samarali yo'llari xususida fikr almashdi.

Terrorchilar 2013-yilda ham Keniyani nishonga olgan. O'shanda poytaxt Nayrobidagi savdo markazida odamlar garovga olingan edi. O'tgan oy esa al-Shabab Garissa universitetiga hujum qilib, ko'plab talabalarni o'ldirgan.