Kerri Yaqin Sharqqa qaytishga majbur bo'ldi

  • Amerika Ovozi

AQSh davlat kotibi Jon Kerri va Falastin prezidenti Mahmud Abbos Ammonda uchrashmoqda, Iordaniya, 26-mart, 2014-yil

AQSh davlat kotibi Jon Kerri bugun Isroilda bo’lib, Falastin bilan tinchlik muzokaralari qanday kechayotgani xususida mahalliy rahbarlar bilan gaplashadi.

Kerri o’tgan hafta Iordaniyada Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan ko’rishib, so’ng telefon orqali Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan gaplashgan edi.

Isroil muzokaralar kelishuviga ko’ra, juma kuni qamoqxonadan falastinlik mahbuslarni ozod etishi kutilgan edi, biroq bunday bo’lmadi. Falastin va Isroil o’tgan iyulda kelasi to’qqiz oy davomida muzokara qilishga kelishgan.

Isroil muloqot muddatini uzaytirishni so’rab, shundagina mahbuslarni ozod etishini aytgan. Falastin rahbariyati Isroil so’zida turmasa, muzokaradan chiqishini bildirgan.

Kerri mahbuslar masalasini hal etish uchun nima qilishini muxbirlarga aytishdan bosh tortdi.