Kerri Saudiya Arabistonida Suriya masalasida gaplashdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Jiddada Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Naif bin Abdulaziz bilan uchrashmoqda, 15-may, 2016-yil

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Saudiya Arabistonida bo'lib, qirol Salmon bilan Suriyadagi vaziyat xususida gaplashdi. Qo'shma Shtatlar Riyoddan hukumat va isyonchilar o'rtasida erishilgan sulh bitimini qo'llab-quvvatlashni so'ramoqda.

Saudiya Arabistoni Prezident Bashar Assadning ashaddiy tanqidchilaridan bo'lib, uni iste'foga chaqirib, isyonchilarni pul va qurol bilan ta'minlab keladi.

Kerri Saudiya Tashqi ishlar vaziri Odil Jubayr hamda valiahd shahzoda Muhammad bin Naif bin Abdulaziz bilan ham gaplashdi.

17-may kuni Venada 17 mamlakat vakillari to'planib, Suriya bo'yicha muzokaralar nega to'xtab qolganini muhokama qiladi. Ular, shuningdek, fevral oyida erishilgan sulhni nazorat etish hamda gumanitar yordamni yetkazishdagi muammolar xususida ham gaplashadi.

G'arb Suriya hukumatining Halabga qarshi hujumlari muzokaralarga pand berayotganini bildiradi. AQSh Rossiyadan Assad hukumatiga bosim qo'yishni so'rab keladi.

Aprel oxirida BMT vositachiligida o'tkazilgan muloqot natija bermadi, muzokaralar qachon davom ettirilishi ma'lum emas.

Aytish joiz, hukumat va muxolifat yuzma-yuz emas, balki BMT maxsus vakili Staffan de Mistura orqali gaplashgan. Uning aytishicha, Venadagi majlisdan so'ng keyingi muloqot kuni aniqlanadi.

Vashingtondagi "Atlantika Kengashi" tahlil markazi eksperti Nussaybah Yunusning aytishicha, Assad hukumati Rossiya yordamida isyonchilarga qarshi janglarda katta yutuqlarga erisharkan, muzokara stoli atrofida murosa qilmasligi mumkin.

Rossiya isyonchi va terrorchi guruhlarni bir ko'rmaslikka chaqirmoqda. Moskva ayrim guruhlarni al-Qoidaga aloqador "Jabhat al-Nusra" fronti bilan tili bir ekanini aytsa, AQSh ularni isyonchi deb biladi.

AQSh davlat kotibi Venada, shuningdek, Italiya Tashqi ishlar vaziri Paolo Gentiloni bilan Liviyada yangi hukumatni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan vazirlar majlisida qatnashadi.

2011-yilda G'arb aralashuvi tufayli Muammar Qaddafiy hokimiyatdan ag'darilib, o'ldirilganidan beri Liviyada anarxiya hukm surmoqda.

AQSh, Rossiya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari Venada Tog'li Qorabog' mojarosi xususida ham gaplashadi.

Shundan so'ng Kerri Bryusselda NATO majlisida qatnashib, Birmaga yo'l oladi.