Seul va Pxenyan yarimoroldagi taranglikni yumshatishga kelishdi

  • Amerika Ovozi

Janubiy va Shimoliy Koreya rasmiylari uch kunlik muloqotdan so'ng o'tgan hafta yuzaga kelgan ziddiyatni yumshatishga kelishib oldi.

Janubiy Koreya matbuotiga ko'ra, shimol so'nggi provokatsiyalardan afsusda ekanini bildirgan, janub esa radiokarnaylarni o'chirishga rozi bo'lgan. Rasmiy darajada kelishuv e'lon qilingani yo'q hali.

Bundan sal avval Janubiy Koreya Prezidenti Pak Kin Xe shimoliy qo'shnisidan so'nggi provokatsiyalar uchun uzr so'rashni talab qilgan edi.

"Bunday holat ortiq takrorlanmasligi uchun Shimoliy Koreya chora ko'rishi zarur, aks holda bizning hukumat javob choralari ko'rib, chegaradan radiokarnaylar orqali efirlarimizni davom ettiramiz", - dedi u yordamchilari bilan majlisda.

Pxenyan Seuldan tashviqiy efirni to'xtatishni talab qilib muhlat bergan va talab bajarilmasa, urush boshlashga do'q-po'pisa qilgan. O'tgan hafta oxirida Shimoliy Koreya armiyasi shay holatga keltirilgan.

Janubiy Koreya sobiq tashqi ishlar vaziri, hozir esa Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun ikki tomonni murosa qilishga chaqirdi.

Muzokaralarning qizg'in kechgani, avvaliga hech bir tomonning yon bergisi yo'qligi aytilgan.

Seulga ko'ra, Pxenyan chegaraning janubga qarashli tomonida minalar o'rnatgan. Natijada janublik ikki askar jarohat olgan. Shundan so'ng Seul Pxenyan tomon 10 yilda ilk bor radiokarnaylar orqali efirini jonlantirdi. Tomonlar artilleriya hujumlari almashgani ham aytilmoqda.

Janubiy Koreyaning bildirishicha, Shimoliy Koreya yerosti kemalarining 70 foizini bazalaridan chiqargan, ularning qayerdaligi radarda ko'rinmayapti. Pxenyan, shuningdek, artilleriyasini chegarada ko'paytirgan.

Bunga javoban AQShning Janubiy Koreyada joylashgan qo'shinlari chegara tomon tortilishi mumkin. Ayni damda Qo'shma Shtatlarning 28 ming askari janubda xizmat qilmoqda va shu kunlarda Janubiy Koreya qo'shinlari bilan harbiy mashqlar o'tkazmoqda.