Kurdlarning mustaqil davlat qurishdan umidi katta

  • Amerika Ovozi

Suriya kurdlari Turkiyada faoliyati taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasini himoya qilib namoyish o'tkazmoqda, Hasaka shahri, Suriya, 1-noyabr, 2012-yil.

Yaqin Sharq bo’ylab davom etayotgan “Arab bahori” Iroq, Turkiya, Suriya va Eronda yashovchi kurd xalqining mustaqil davlat qurishga bo’lgan ishtiyoqini yanada alangalatmoqda. Ammo siyosiy voqelikka nazar tashlaydigan bo’lsak, bu rejaning amalga oshishi juda mushkul.

Your browser doesn’t support HTML5

Yaqin Sharq kurdlari, Behzod Muhammadiy


Hikmat Bamarniy AQShga 70-yillarda Iroqdan kelgan. Uning yonida o’tirgan do’stining peshonasida urushdan qolgan chandiq bor.

Har ikki do’st “Pashmerga” yoki “O’lim bilan olishuvchlar” deb nomlangan Kurdiston ozodligi harakatida qatnashgan sobiq jangchilar.

“Bir kurd sifatida, boshqalar kabi orzuimiz bor. Turk, arab, hind yoki forslar kabi mustaqil bo’lishni xohlaymiz”, - deydi Hikmat.

Bu orzu yo’lida Iroq va boshqa o’lkalarda kurd xalqi ko’p jon berdi. Yaqin Sharqda o’z davlatiga ega bo’lmagan eng katta etnik guruh sifatida kurdlar niyatiga yetish yo’lida isyonchilar madadiga tayanadi.

Ayniqsa, Iroq AQSh tomonidan bosib olingach hamda Yaqin Sharqda arab isyoni yuz bergach, kurdlarning siyosiy faolligi yanada oshdi.

Vashingtondagi AQSh mudofaa universiteti tahlilchisi Denis Nataliga ko’ra, kurdlar hozir o’z davlatini qurish imkoniyatiga har qachongidan yaqin turibdi.

“Kurdlar uchun o’zgarish va hayajonli damlar hozir. Davlatlar tuzilgan paytda yaratilgan to’siq va chegaralar o’zgaradiganga o’xshaydi”, - deydi ekspert.

Ayniqsa, kurdlar hozir Suriyada faol. Ular urush girdobiga tushgan mamlakat shimoli-sharqida katta hududni o’z nazoratiga olgan.

Shuningdek, Turkiyada ham kurdlar ilgari tasavvur etish qiyin bo’lgan huquqlarni qo’lga kiritmoqda. Eron kurdlari ham G’arb bosimi natijasida mamlakatda siyosiy o’zgarishlar bo’lishidan umidvor.

Iroqda Saddam Husayn rejimi qulagandan so’ng kurdlar o’z muxtor viloyatini tuzdi. Tahlilchi Natali fikriga ko’ra, Iroq kurdlari hududda nazoratni to’la o’z qo’liga olgani bilan, katta geosiyosiy muammolarga yuz tutmoqda.

“Iroq Kurdistoni har tomondan quruqlik bilan o’ralgan. Suvga chiqish uchun imkon yo’q. Yashab ketish uchun ochiq chegaraga hamda qo’shni o’lkalar bilan ijobiy aloqalarga ega bo’lish kerak”, - deydi u.

Tadqiqotchining aytishicha, qo’shni o’lkalar, ko’pincha, kurd guruhlarini bir-biriga qarshi gij-gijlatadi.

Sobiq harbiy, hozirda Amerika tashabbus institutida faoliyat olib borayotgan Maykl Rubin fikriga ko’ra, mustaqil Kurdiston davlatining qurilmasligiga, avvalo, kurd yetakchilarining o’zi aybdor.

“Yaqinda Kurdistondan qaytdim. Kurd talabalari, professorlari va ziyolilari mustaqil bo’lishga eng yaqin turgan bir paytda siyosatchilarning kelisha olmasligi bois imkoniyat yana boy berilishidan xavotirda”, - deydi Rubin.

Arab yoshlaridan ilhomlangan kurdlarning yangi avlodi orasida siyosiy yetakchilar ishidan norozilar tobora ko’paymoqda.