AQSh kichkintoy qirg’izistonliklarga: Birga o’qiymiz

  • Amerika Ovozi

Qirg'izistonlik bolalar milliy festivalda, O'sh, Qirg'iziston

AQShning Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) Qirg’iziston bolalar kutubxonalariga 130 ming nusxa kitob sovg’a qiladi. Bu haqda kuni-kecha Amerika Qo’shma Shtatlarining Bishkekdagi elchixonasi ma’lum qildi.

Ertaklar, she’r, hikoya va topishmoqlar to’plamlari qirg'iz tilida go’zal nashr qilingan bo’lib, jami sakson kutubxona jamg’armasini to’ldiradi.

“Birgalikda o’qiymiz” loyihasi doirasuda o’tkazilayotgan mazkur tadbir boshlang’ich sinf bolalarida o’quv ko’nikmalarini rivojlantirishni maqsad qiladi.

“Birgalikda o’qiymiz” loyihasining ushbu bosqichi barcha shahar va tumanlarning kutubxonalarini qamrab olgan bo’lib, ularning har biriga kamida 1600 donadan yangi kitob beriladi. O’sh viloyat bolalar kutubxonasining direktori Elmira Dolotovaning aytishicha, mahalliy kitob jamg’armalari aynan ona tilida nashr etilgan adabiyotga katta ehtiyoj sezmoqda.

O’tgan yili Xalqaro Taraqqiyot Agentligi o’lka maktablarining boshlang’ich sinflariga 250 ming nusxa kitob yetkazib bergan edi. Shuningdek, mahalliy o’quv muassasalariga yangi uslublarni o’zlashtirish, bolalarning sevimli asarlarini sahnalashtirishda ko’mak ko’rsatilgan.

Mutaxassislarga ko’ra, bola qalbini internet bosimidan muhofaza etgan holda uni kitob mutolaasiga oshno qilish alohida ahamiyat kasb etadi.

Rasmiy ma’lumotga binoan, AQShning Xalqaro Taraqqiyot Agentligi hamda Qirg’izistonning madaniyat, fan va ta’lim idoralari hamkorlikda amalga oshirayotgan “Birgalikda o’qiymiz” loyihasi mamlakat boshlang’ich o’quv yurtlarining 60 foizini qamrab olib, kamida 260 ming nafar bolada o’quv ko’nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.