Livan suriyalik qochqinlarni haydamoqchi

  • Amerika Ovozi

Livanda yashayotgan bir milliondan ziyod suriyalik bu mamlakatga ancha o’rganib qolgan, unda qolishni istaydi, biroq Livan hukumati qochqinlarga o’z yurtiga qaytish vaqti keldi, deydi. Rasmiylar harbiylar va buldozerlar yordamida qochqinlar lagerlaridagi uylarni buzishga kirishgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 10-iyul, 2019-yil - Livan suriyalik qochqinlarni haydamoqchi

Livan sharqidagi Arsal shahrida suriyalik qochqinlar lageri joylashgan. Hukumat ularni haydamoqchi.

“Bolalarim bilan shu yerda yashayapmiz. Biroq endi harbiylar kelib, lagerni buzyapti”, - deydi to’rt bolaning onasi.

Dima al-Kanj Suriyadagi urushdan qochib, Livanga borib qolgan. Uning beton uyini buzishyapti.

“Besh yil amallab shu uyda turdik. Har yili nimasinidir ta’mir qilardik. Uyimiz shu edi. Endi esa yer bilan tekislanyapti”, - deydi u.

Gumanitar yordam tashkilotlariga ko’ra, shu hafta boshidan beri harbiylar qochqinlarning 20 ta uyini buzib tashladi.

“Hozir qo’shnimiznikida turibmiz. To’rtta farzandim bor. Bir uyda uchta oila yashaydi. Boshqa joyda ijaraga turishga pulimiz yo’q, ketolmaymiz ham”, - deydi suriyalik ayol.

Armiya vakillari qochqinlarni o’z rejasi haqida ikki oy oldin ogohlantirgan edi. Ba’zilariga qo’shimcha vaqt berildi.

“Livan hukumati bizni qabul qildi va men buning uchun minnatdorman. Agar ketishimizni istashsa, BMT bilan, boshqa davlatlar bilan kelishib ish qilishsin. Yurtimizga qaytishga tayyormiz. Bu yerda bir umr qolish niyatimiz yo’q”, - deydi Abu Firas ismli qochqin.

Hukumat beton imoratlarni buzishni buyurib, qochqinlarga yog’och va plastikdan yasalgan palatkalarda turishga ruxsat berdi.

“Odamlar vahimada. Bir joyda qo’nim topmaguncha ko’ngli tinchimaydi”, - deydi Firas.

“Kelajagimizdan xavotirdamiz. Yana nimalarni o’ylab chiqarisharkan, xudo biladi. Ayni paytda yurtimizga qaytib borolmaymiz”, - deydi Dima al-Kanj.

Livandagi bir milliondan ziyod suriyalik qochqinlarning aksariyati lagerlarda yashaydi. Hukumat betondan ishlangan qurilmalarni buzdirishi natijasida kamida 15 ming bola uysiz qoladigan bo’ladi.