Bomiyonda nochor oilalar g'orda yashashga majbur

  • Amerika Ovozi

Afg’onistonning bir paytlar qadimiy Budda haykallari qad ko’tarib turgan Bomiyon viloyati yozda hozir ham mahalliy sayyohlarni o’ziga tortadi. Biroq qish bu yerlarda shu qadar ayovsizki, yuzlab yo’qsil oilalar unga bazo’r dosh beradi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 27-yanvar, 2021-yil

“Ijara uyidan ajralganimizdan so’ng tunni sahroda o’tkazishga majbur bo’ldik. Farzandlarim muzlab o’ladi deb qo’rqqandim”, - deydi hozir ko’hna bir g’orni uy qilib olgan Najiba ismli ayol.

To’rt bolaning onasi qishni shunday o’tkazishga qaror qildi.

“Bolalarim bilan hozir shu yerda yashayapmiz. Hech vaqomiz yo’q, shamollashlari hech gapmas. O’zimning mazam yo’q, yuragim sanchib turadi, asabim joyidamas, nima qilishni bilmayman”, - deydi Najiba.

G’orlarga yana taxminan 150 ilojsiz oila ko’chib o’tgan. Bomiyon inson huquqlari komissiyasining bildirishicha, 500 ga yaqin bola og’ir sharoitda kun kechirmoqda.

“Oddiy narsalarga pullari yo’q. Farzandlarini ham ishlatishga majbur”, - deydi komissiya vakili Abdul Rauf Shayan.

Mahalliy rasmiylarning aytishicha, viloyatning bir necha chekka joylarida bunday oilalar uchun ijaraga arzon uylar ajratilgan, biroq ko’plarida ko’chib kirishga pul yo’q.

“O’tmishda ularga yordam berganmiz, bundan keyin ham yordam beramiz”, - deydi viloyat hokimi Said Anvar Rahmatiy.

Bomiyonda qochqinlar yoki ko’chirilgan odamlar uchun lagerlar yo’q. G’orlarda yashayotganlarning birdan-bir umidi hukumatdan.