NASA apparati Marsga yetib bordi

  • Amerika Ovozi

22 yoshli Jasper Goldberg va 22 yoshli Andreas Bastian qo'nish jarayonini tomosha qilmoqda, Tayms maydonida jonli efir, Nyu-York, 6-avgust, 2012-yil.

AQSh fazoviy tadqiqotlar agentligi sakkiz oylik sayohatdan keyin Marsga murakkab apparatni qo’ndirishga muvaffaq bo’ldi. “Curiosity” nomli bu moslama qizil sayyorada hayot izlarini aniqlashi kerak bo’ladi.

Og’irligi bir tonna keladigan bu apparat Marsga tekkan daqiqada NASA laboratoriyasida qarsak, olqishlar yangradi.

Yerdan ko’kka parvoz qilib, sakkiz oy deganda manzilga yetgan “Curiosity” shu zahoti ilk tasvirlarni uzata boshlagan. Ammo to’liq ishga tushishdan oldin qurilma bir necha hafta sinovdan o’tadi.

Soatiga 22 ming kilometr tezlikda uchayotgan vositani sekinlatib qo’ndirish oson kechmagan. NASA olimlari buni agentlik taxiridagi eng murakkab jarayon, deya ta’riflaydi.

Prezident Barak Obamaning aytishicha, bu texnologik muvaffaqiyat yurt faxri, sha’niga obro’ qo’shadi.

Oq uyning ilm-fan bo’yicha maslahatchisi Jon Xoldren so’zlariga ko’ra, Obama ma’muriyati Amerika yerda va samoda ilg’or davlat bo’lib qolishini ta’minlash qarorida qat’iy.

“Apparatni Marsga qo’ndira olish samoviy kashfiyotlar tarixidagi eng mushkul vazifalardan biri edi. AQShning yo’lboshchilik qobiliyatiga shubha bilan qarayotganlar ko’rib qo’ysin, biz hozir qizil sayyorada haqiqiy bir mo’jizaga kirishish arafasidamiz”, - deydi rasmiy.

“Curiosity” NASAning Marsni tadqiq qilishga qaratilgan 2,5 milliard dollarlik loyihasining mahsuli sanaladi. Kattaligi jihatidan bitta avtomobilday keladigan, 17 dona kamera bilan jihozlangan marsoxod qizil sayyoradan noyob tasvirlar uzatib boradi.



Uning vazifasi ehtimoliy hayot nishonalarini, jumladan, suvni izlab topishdan, bugun yashash uchun yaroqli-yaroqli emasligini aniqlashdan iborat. Yadro energiyasida harakat qiluvchi vosita ikki yilga chidaydigan qilib ishlangan.

"Curiosity" Marsga qo'ndi