Lionel Messi "Barselona"dan ketmoqchi

  • Amerika Ovozi

“Barselona” futbol klubi sardori, futbol tarixidagi eng yaxshi o’yinchilardan biri Lionel Messi jamoani tark etishi haqida ma’lum qildi. O’tgan hafta “Barselona” Chempionlar ligasining yarim finalida Germaniyaning “Bavariya” jamoasiga 2:8 hisobida sharmandalarcha mag’lub bo’lishi bunga asosiy turtki bo’ldi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 26-avgust, 2020-yil

“Barselona” 2015-yildan beri Yevropaning eng asosiy musobaqasida g’oliblikni qo’lga kirita olmayapti. So’nggi bir necha yildan beri har bahorda jamoa yirik mag’lubiyat bilan turnirdan chiqib ketmoqda. Klubda bir necha murabbiy almashdi. Bir necha kun oldin “Barselona”ning gollandiyalik sobiq o’yinchisi Ronald Kuman trenerlikka tayinlandi, ammo Messiga murabbiylik qilish unga nasib qilmasligi mumkin. Kumanning komandadan Messining yaqin do’sti, hujumchi Luis Suaresdan qutulish rejasi futbol yulduzini g’azabga keltirgani aytiladi.

Jamoa muxlislari Messi kayfiyatining o’zgarishida klub prezidenti Jozep Bartomeuni ayblarkan, uni iste’foga chaqirmoqda.

"Messi qachonlardir klubdan ketadi deb o’ylamagandim. Liverpuldagi o’yinlarga ham, Rimdagi o’yinlarga ham borganman. O’sha mag’lubiyatlarga chidasa bo’ladi, ammo Messining ketishini odam ko’tarolmaydi. Axir u futboldan ketmayapti, shunchaki boshqa jamoaga o’tmoqchi. Direktorlar kengashida hamma ayb”, - deydi Oriol ismli muxlislardan biri.

Messining ketishi haqidagi xabar bugun katalon gazetalarining bosh sahifasida.

"Biz uchun Messi – bu “Barsa”, “Barsa” esa – bu Messi. U jamoa ramzi, ko’p yillik shuhrat keltirdi bizga. Unga “Kamp-Nou”da hayotidayoq haykal qo’yish kerak”, - deydi Joanna Polo ismli 80 yashar futbol ishqibozi.

“Barselona” rahbariyati jamoa sardorini osonlikcha qo’yib yubormoqchi emas, ish sudgacha borishi mumkin. Shartnomaga ko’ra, Messi mavsum oxirida jamoadan bepul ketishga haqli, biroq buning uchun u mavsum tugaganidan 20 kun ichida, ya’ni 10-iyungacha bu haqda ariza berishi kerak edi. Ammo koronavirus sabab chempionatda uch oylik tanaffus bo’ldi, mavsum yaqinda tugadi. Messi buni hisobga olish kerakligini aytmoqda.

Agar Lionel “Barselona”dan ketishga muvaffaq bo’lsa, qaysi jamoaga o’tishi mumkin degan savol ko’plarni qiynamoqda. Da’vogar klublar hozircha to’rtta – Italiyaning “Inter”, Fransiyaning “Pari Sen-Jermen” hamda Angliyaning “Manchester Citi” va “Manchester Yunayted” jamoalari.

Messi “Barselona”ga oltin yillarda 4 yil murabbiylik qilgan Xosep Gvardiolaning “Manchester Siti” klubiga o’tishi mumkin. Ikkisi shu hafta muloqot qilgani aytiladi.

Agar Messi sudda da’voni boy bersa, uni qo’lga kiritish uchun da’vogar klub “Barselona”ga 700 million yevro to’lashi kerak. Biroq hech bir klubda 33 yashar argentinalik yulduzni sotib olishga buncha pul yo’q.