AQSh: Saylov oldidan so'z urushi, o'zaro ayblovlar

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda Kongress saylovlariga sanoqli kunlar qolganda sobiq prezidentlar va siyosatchilarga bombali paketlar jo’natilgani qo’rquv va mavhumlik hissini oshirdi. Ularni jo’natgan va hozirda qo’lga olingan shaxs Prezident Donald Trampning ashaddiy tarafdori ekani ma’lum.

Nafrat va adovat qo’zg’atuvchi bayonotlardan tiyilish kerak, degan chaqiriqlar yangramoqda. Bu chaqiriq prezidentga ham tegishli.

Viskonsin shtatida tarafdorlari bilan uchrashgan Tramp barchani tinchlikka da’vat etdi.

“Tinchlik va hamjihatlikda harakat qilishimiz kerak. Biz bunga qodirmiz”, - deydi prezident.

Tramp jamiyatda g’azab hissi oshib borayotganida ommaviy axborot vositalarini aybladi. Soxta xabarlar ko’p, deydi u.

“Siyosiy jarayonlarda ishtirok etayotganlar o’z raqiblarini ma’naviy jihatdan nosog’lom deb tasvirlashdan to’xtasin”, - deydi u.

Demokratlar fikricha, prezident bu maslahatiga avvalo o’zi amal qilishi darkor. Siyosiy keskinliklarni uning o’zi keltirib chiqaryapti, deydi Nyu-York meri Bill de Blasio.

“Mamlakatimiz uchun og’riqli damlar. Odamlar nafratni his etishyapti. So’nggi voqealar og’riq va qo’rquvni yanada oshiradi”, - deydi de Blasio.

O’tgan ikki yildagi ishlarini ko’z-ko’z qilayotgan Tramp demokratlarni keskin tanqid qilmoqda.

Uning aytishicha, demokratik partiyaga hokimiyatni ishonib bo’lmaydi. Ularning radikal siyosati mamlakat uchun tahdid, deydi Tramp.

Demokratlarga yuborilgan bombalardan oldin Prezident Trampning diqqati immigratsiyada edi. Ayni damda migrantlar karvoni AQSh tomon kelmoqda.

Demokratlar, o’z navbatida, fuqarolarni saylovda faol qatnashishga undamoqda. Sobiq prezident Barak Obama ham ularga ko’maklashyapti.

“Siz saylovga chiqmasangiz, oilangiz, do’stlaringiz, qarindoshlaringiz, qo’shnilaringizni ovoz berishga olib chiqmasangiz, bunday befarqlik mamlakat uchun, demokratiyamiz uchun zarba bo’ladi”, - deydi Obama.

Tahlilchi Deyvid Barkerga ko’ra, har ikkala partiya o’z tarafdorlarini ovoz berishga undash bilan band.

“Saylov kuni chiqib ovoz berish juda muhim, ayniqsa demokratlar uchun. Respublikachilar odatda bu jarayonda faolroq qatnashadi”, - deydi u.

Demokratlar 6-noyabrda Kongressdagi palatalardan kamida bittasini qo’lga kiritishiga ishonadi.

Tahlilchi Jim Kessler deydiki, muxolifat g’ayratga to’la, ular Vakillar palatasini respublikachilardan tortib olishi ehtimoli yuqori.

Immigratsiya va xavfsizlik bilan bog’liq so’nggi voqealar saylov natijasiga qanday ta’sir etishi noma’lum. Hozirda Kongressda Trampning partiyasi - respublikachilar hukmron.