Amerikadagi muhojir nashrlar saylov kampaniyasini qanday yoritmoqda?

  • Amerika Ovozi

AQShdagi muhojirlar jamoasi hayotini yorituvchi matbuot odatda Kongressga bo’ladigan oraliq saylovlarni deyarli yoritmaydi. Biroq Kongress uchun bu yilgi kurash natijasi muhojirlarga bevosita salbiy yoki ijobiy ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun bo’lsa kerak, yangi amerikaliklar saylovlarga har qachongidan kattaroq qiziqish bildirimoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerikadagi muhojir nashrlar saylov kampaniyasini qanday yoritmoqda?

Asli kamerunlik Pamela Anchang Los-Anjelesdagi jamoasi uchun efirga chiqadigan radioda yangi dastur olib boradi.

“Muhojirlar saylov ularning hayotiga ham ta’sir qilishini endi bilishadi”, - deydi u.

Los-Anjelesda ispan tilida chiqadigan “La Opinion” gazetasi o’tgan oraliq saylovlarni ko’p yoritmagan edi.

“Tramp sabab bu gal saylovga qiziqish katta. Latinolar xuddi uyqudan uyg’onganday”, - deydi gazeta bosh muharriri Gabriel Lerner.

AQShdagi ispanzabon gazetalar immigratsiya haqida ko’p yozmoqda. Deportatsiyalar, hibsga olishlar, hibsxonada saqlashlar haqida har kuni o’qish mumkin.

“Tramp saylov kampaniyasi boshida meksikalik immigrantlarni jinoyatchilar, tajovuzkorlar deb, ko’plab latino muhojirlarni o’ziga qarshi qilib qo’ydi”, - deydi Lerner.

Trampning immigratsiya bo’yicha qattiq pozitsiyasi boshqa muhojir guruhlar, jumladan, afrikaliklarning ham siyosatga e’tiborliroq bo’lishiga sabab bo’lyapti.

“Agar ushbu siyosatning har bir inson hayotiga qanday ta’sir qilishini tushuntirib bersangiz, odamlar quloq sola boshlaydi. Afrikaliklarga sog’liqni saqlash, qonuniy maqom olish mavzulari muhim. Chunki ko’plab hujjatsiz afrikaliklar bor bu yerda”, - deydi radio dastur boshlovchisi Pamela Anchang.

Saylovda demokratlar ham, respublikachilar ham g’alaba qozonishi mumkin.

“Oraliq saylov natijalari Prezident Trampga ishonch votumi deya ko’rilishi ham mumkin hali”, - deydi xitoy tilida chiqadigan “Jahon jurnali” muharriri Vinsent Chan.

Nashr soliq islohoti, iqtisodiyot, immigratsiya haqida ko’p yozadigan bo’lgan.

Muhojirlar hayotini yorituvchi axborot vositalari mahalliy va shtat saylovlarida o’z jamoalaridan qatnashayotgan nomzodlarga ham urg’u bermoqda.

Vyetnamcha gazeta muharriri Dzun Doning aytishicha, odatda jamoadan chiqqan nomzodlar oraliq saylovlarda yaxshi natija ko’rsatadi.

“Oraliq saylovlarda amerikaliklar passivroq, vyetnamliklar esa faolroq bo’ladi”, - deydi u.

Muhojir jamoalarning faolligi yana bir haftadan so’ng siyosiy tarozi pallasini u yoki bu tomonga og’dirishi mumkin.