AQShda yana bir kompaniya yaratgan vaksinaga litsenziya berildi

  • Amerika Ovozi

AQShda koronavirusga qarshi vaksina yaratgan “Moderna” kompaniyasi ham “Pfayzer” va “Biontek” ketidan litsenziya oldi. “Moderna” vaksinasining raqib mahsulotdan bir farqi shuki, “Pfayzer-Biontek” vaksinasi samaradorligini saqlab qolish uchun 70 daraja sovuqlikda saqlanishi lozim. “Moderna” vaksinasi uchun esa minus 20 daraja kifoya.

“Vaksinalarni barchaga tavsiya qilamiz, chunki samaradorligi 95 foiz. Amerikaliklarning 70-80 foizi emlansa, pandemiyaga barham berish mumkin”, - deydi AQSh sog’liqni saqlash vazirining yordamchisi admiral Brett Jirua.

Britaniyada koronavirusning o’ta tez tarqaluvchi yangi shtammi aniqlanishi ketidan hukumat poytaxt London va mamlakat janubi-sharqida odamlarga Rojdestvo bayramida to’planishni man qildi. Fransiya, Germaniya, Yevropaning jami 20 mamlakati Britaniya bilan avia va boshqa turdagi qatnovni to’xtatmoqda. COVIDning mutatsiyalangan turi halokatli bo’lmasa-da, odatdagidan 70 foiz yuqumliroqdir.

AQSh va Britaniya rahbarlari vaksinalar koronavirusning yangi shtammiga qarshi samarali bo’lishini aytmoqda.

Rojdestvo bayramidan oldin hadyalar olmoqchi bo’lgan odamlar to’planishining oldini olish maqsadida “Apple” kompaniyasi Kaliforniya shtatidagi barcha do’konlarini vaqtincha yopayotgani haqida ma’lum qildi.

“Vaksina ommaviy ravishda chiqarilgunga qadar hamma ehtiyot choralariga rioya qilishi zarur. Shundagina infeksiyaning tarqalish sur’atini tushirishga muvaffaq bo’lamiz”, - dedi Jirua.