Chernogoriya NATOga qo'shilish uchun rasman taklif oldi

  • Amerika Ovozi

Chernogoriya davlati NATOga qo'shilish uchun rasman taklif oldi. Harbiy alyans rahbari Yens Stoltenberg bu haqda e'lon qilar ekan, bir paytlar Yugoslaviya tarkibida bo'lgan o'lka uchun bu "tarixiy yutuq", deydi.

Qo'shma Shtatlar ham taklifni olqishlamoqda.

"Chernogoriya NATOga a'zo bo'lib kirayotgani Yevropa integratsiyasi va umumiy mudofaani ta'minlash tomon qo'yilgan yana bir qadam", - deydi Davlat kotibi Jon Kerri.

Chernogoriya, atigi 625 ming aholiga ega mustaqil davlat, NATOga rasman kirish uchun o'tgan yillar ichida qator islohotlarni amalga oshirgan. Xususan, korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashni davom ettiramiz, deya va'da bermoqda Bosh vazir muovini Igor Lukshich.

Rossiya NATOning kengayishini o'z xavfsizligiga tahdid deb biladi. Chernogoriyaning blokka qo'shilayotgani, Kreml nazarida, provokatsiya.