Dollarlik ipoteka mijozlari Moskvada namoyish qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Rossiyada rubl qiymatining tushishi natijasida ipotekani dollarda olgan odamlar qiyin ahvolga tushib qoldi. Dollarlik to'lovlar qimmatlashar ekan, ayrimlar uyini bankka oldirib qo'yishi mumkin.

Moskvadagi bir bankning yonida odamlar namoyishga chiqib, xorijiy valyutada olingan kredit shartlari va stavkasining qayta ko'rib chiqilishini talab qilmoqda. Rublning tushishi oqibatida to'lovlar ikki baravar ko'tarilib ketdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Dollarlik ipoteka mijozlari Moskvada namoyish qilmoqda

"Ikki va, hatto uch martalab sudlashgan oilalar bor. May oyidan banklar uylarni olib qo'yishni boshlaydi", - deydi qarzdorlardan biri Arsen Lyupen.

Yolg'iz ona Tamara Makoyeva 2006-yilda uy xarid qilish uchun ipotekani dollarda olganida maoshi ham AQSh pul birligida edi. Qurilish cho'zilib, Rossiya iqtisodiy inqirozga yuz tutganidan so'ng maoshini rublga o'tkazishdi.

"2008-yil inqirozidan eson-omon o'tib oldik, chunki dollar qattiq ko'tarilmagan edi. Ammo bu safar dollar keskin ko'tarilib ketdi, to'lovlarim uch baravar bo'lib ketdi”, - deydi bu kreditor.

Maoshning yarmidan ko'pi qurilishi bitmagan kvartira uchun oylik to'lovga ketadi, ijaraga ham pul kerak.

“Dollar kursi yuqorilab, na ipotekani to'lashning, na bola boqishning imkoni bo'lyapti. Bank bilan kelisha olmasam, kvartiradan voz kechishga to'g'ri keladi”, - deydi Tamara.

Rossiya hukumati ham banklarni mijoz qarzlarini rublga o'tkazishni so'ramoqda, ammo shu bilan birga, bunday odamlar soni oz ekanini bildirib, xorijiy valyutaga biriktirilgan kreditdan foydalanishni afzal ko'rib, o'z istagiga ko'ra tavakkal qilishganini aytadi.

“Ular davlatga jiddiy xavf sola olmaydi. Lekin birgalikda harakat qilishsa, ularga quloq solishadi”, - deydi Karnegi markazidan Aleksandr Baunov.

Ipoteka namoyishlari kichik va uyushmagan bo'lsa-da, parlament saylovlari yaqinlashgani sari hukumatni bezovta qilishi mumkin.