Oyga chiqqan birinchi inson haqida yangi film

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

1969-yilning yozida amerikalik astronavt Nil Armstrong Apollon-11 kemasida Oyga qo’nib, Amerika bayrog’ini qadaganini butun dunyo tomosha qilgan. Gollivudda ishlangan yangi film fazogirning hayoti, sarguzashtga chanqoq shaxsiyati, tarixiy missiyani bosim ostida amalga oshirgani haqida hikoya qiladi.

“O’ziga xos tarixiy palladamiz. Oldimizda ulkan vazifa turibdi. Insonni Oyga qo’ndirib, Yerga xavfsiz qaytarishdek maqsadga erishishimiz kerak”, - degan edi Prezident Jon Kennedi 1961-yilgi nutqida.

Rejissor Damiyen Chazel tomonidan ishlangan qariyb 2,5 soatli dramatik asarda Apollon-11 missiyasi qanday amalga oshirilgani ko’rsatilgan. Ovoz va musiqadan ustalik bilan foydalangan ijodkorlar tomoshabinni mashaqqatli treninglar, o’lim hollariga yetaklagan fojialar va fidoyilik ichiga olib kiradi. Hammasi inson ilk bor Oyga qadam qo’yishi uchun.

Apollon-11 missiyasiga boshchilik qilgan Nil Armstrong rolida - aktyor Rayan Gosling. U yosh qizini miya saratoniga boy bergan ota. Oyga qo’nishdek xatarli ishga qo’l urayotgan fazogir.

Uning rafiqasi rolida - Kleyer Foy. Kuchli, sovuqqon, erini quvvatlab turadigan ayol. Turmush ortog’i missiyadan qaytmasligi mumkinligini biladi.

Film premyerasi Vashingtondagi aviatsiya va kosmonavtika muzeyida o’tdi. O’sha missiyaga tegishli buyumlarning katta qismi shu muzeyda joylashgan.

“Taqdimot uchun shu joy tanlangani ajoyib bo’ldi. Bu muzeyga birinchi kelishim. Tomosha qilaman degan umiddaman”, - deydi bosh rolni ijro etgan Rayan Gosling.

“Filmda fazogirlar va ularning oilalari boshidan nimalar kechgani yaqqol tasvirlangan”, - fazogirning rafiqasi rolini ijro etgan Kleyer Foy.

“Birinchi inson” deb nomlangan yangi film bu - astronavtlarning, xususan Nil Armstrongning 1961-1969 yillardagi samimiy portreti. Ular va ularning yaqinlari missiyaga ruhan va jismonan qanday tayyorgarlik ko’rishganini ochib beradi. Rejissor Damiyen Chazel:

“Men uchun muhimi mifologiyadan yiroqlashib, mana shu oddiy insonlarni g’ayrioddiy vaziyatlarda ko’rsatib berish edi. Hamma narsani qurbon qilgan, o’z hayotini xavf ostiga qo’ygan. Ular tufayli inson nimalarga qodir ekanini bilamiz”.

Ammo tanqidchilar ham bor. Respublikachi senator Ted Kruz filmda tarixiy lahzalar, ya’ni Nil Armstrong AQSh bayrog’ini Oyga qadagani ko’rsatilmaganini “Twitter”da qoralab chiqdi.

“Gollivud Oyga qo’nishdan Amerika bayrog’ini o’chirgan. Bu so’lchilarning bayroqqa hurmatsizligini, Amerika yagona ekanini rad etishlarini ko’rsatadi”, - deydi Kruz.

Rejissor deydiki, bayroq qadalishini tasvirlamaslik estetik qaror bo’lgan. Bayroq masofadan ko’rinib turadi. E’tiborni ko’proq fazogirning ichki tuyg’ulariga qaratdik, deydi film ustasi.