Muborak ustidan sud qayta o'tkaziladi

  • Amerika Ovozi

Misr sobiq rahbari Husni Muborak o'g'lilari bilan

Misr apellyatsiya sudi sobiq Prezident Husni Muborak va uning ikki o'g'li ustidan yangidan sud bo'lishini buyurdi.

O'tgan yilgi sudda ular 17 million dollar miqdorda davlat mulkini o'zlashtirganlikda aybdor topilib, uzoq muddatli qamoq jazolariga mahkum etilgan edi. Pul prezident saroyini ta'mirlash uchun ajratilgani aytiladi.

Qohira sudining bugungi qarorida Muborak mahkama ishini panjara ortida kutadimi yoki tovon puli to'lab ozodlikdami, aytilmagan.

86 yashar Muborak inqilob natijasida hokimiyatdan ag'darilganidan beri mana uch yildirki, harbiy gospitalda saqlanmoqda. Uning Alaa va Jamol ismli o'g'illari esa to'rt yilga qamalgan.

Sobiq prezidentga, shuningdek, 2011-yilgi xalq isyonini qonli bostirishga buyurish aybi qo'yilmoqda. Bu ish bo'yicha ham yangi sud o'tkaziladi.