Muhammad Ali tug'ilgan shahar aeroportiga uning nomi berildi

  • Amerika Ovozi

Afsonaviy boks ustasi va siyosiy faol Muhammad Ali 2016-yilda 74 yoshida olamdan o’tgan edi. Kentuki shtatidagi u tug’ilib o’sgan Luivil shahri yaqinda xalqaro aeroportni Muhammad Ali deb nomladi.

Muhammad Ali raqiblaridan emas, boshqa bir narsadan qo’rqardi.

“Samolyot ikkiga bo’linib, yerga tushishi meni dahshatga soladi. Shoshib qayerga boraman? Axir avtobus yoki poyezdda ham manzilga yetsa bo’ladi-ku”, - degan edi u bir inervyuda.

Uning bu qo’rquvi hammaga ma’lum edi.

“Parvozdan qo’rqar edi. Ringga tushib, birov bilan jang qilish uni xavotirga solmas edi. Sizga shuni aytishim mumkin”, - deydi Muhammad Alining do'sti Rudolf Deyvidson.

Buni qarangki, uning ismi endi aviatsiya sohasining bir qismi.

“Muhammad Ali shahrimizda tug’ilib o’sgan. Aeroportni uning nomi bilan atab, “qani Muhammad, endi uchishdan qo’rqishni bas qilish payti keldi”, deb aytmoqchi bo’ldik”, - deydi Luivil shahr medi Greg Fisher.

Yil boshida Luivil aeroport boshqarmasi bu yerdagi xalqaro aeroportga afsonaviy bokschining nomini berishga qaror qildi.

“Qo’mita tuzilib, uning a’zolari 1,5 yil davomida masalani muhokama qildi. Muhammad Alini butun dunyo taniydi va u shu shaharda tug’ilib o’sgan. Muhammad Ali xalqaro aeroporti bo’lsa, hammaga ma’qul degan qarorga kelindi”, - deydi aeroportlar boshqarmasidan Den Menn.

Muhammad Alini filantrop, faol deb ham eslashadi. U 1965-yilda islomga kirgan. Vyetnam urushiga xizmat qilishdan bosh tortgani uchun hibsga olingan, chempionlik unvonlaridan ayrilgan. Muhammad Ali markaziga ko’ra, aeroport nomlanishi uning merosiga e’tibor qaratadi.

“Nima uchun aeroport nomi o’zgartirilgani, bu qarorning Muhammad Ali markaziga, Alining oilasiga va dunyoga ahamiyatini jamoatchilik chuqurroq tushunishini istaymiz”, - deydi markaz rahbari Donald Lasser.

“Buyuklarning buyugi” deya shuhrat qozongan Muhammad Ali 2016-yilda o’zi tug’ilib o’sgan Luivil shahrida dafn etilgan.