Myunxen xavfsizlik anjumanida asosiy mavzu - Ukraina urushi

  • Amerika Ovozi

Bugun Germaniyaning Myunxen shahrida an’anaviy xavfsizlik anjumani boshlandi. Uch kunlik tadbir davomida Ukrainadagi urush, AQSh-Xitoy aloqalaridagi ziddiyatlar, xavfsizlikka boshqa tahdidlar muhokama etiladi. Rossiya bu yilgi anjumanga taklif etilmagan. Undan oldingisi Ukrainadagi urushgacha o’tkazilgan edi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 17-fevral, 2023-yil

Konferensiyani virtual ravishda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ochib berdi.

U ishtirokchilardan Ukrainaga barcha turdagi qurollar, xususan qiruvchi samolyotlar berishni so’rab, Rossiya Ukrainaga hujumi bilan cheklanmasligi, bir paytlar Sovet Ittifoqi tarkibiga kirgan boshqa davlatlarni ham egallashga harakat qilishi haqida ogohlantirdi.

“Rossiya qurol tilini tushunadi”, - dedi u.

Zelenskiy Rossiya bilan hududlari evaziga tinchlik bitimiga kelishish ehtimolini inkor etdi.

Myunxendagi anjumanda qatnashayotgan Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba “Katta Yettilik” guruhi tashqi ishlar vazirlarining shanba kungi majlisida qatnashishi kutilmoqda.

Ukrainani jangovar tanklar bilan ta’minlashni va’da qilgan Germaniya Kansleri Olaf Shols tank bermoqchi bo’lgan boshqa mamlakatlarni masalani cho’zmaslikka chaqirdi, bu ishni shaxsiy nazoratiga olishini aytdi.

Bu oylar davomida Ukrainaga tank berishdan bosh tortib kelgan Shols pozitsiyasida keskin burilishdir.

AQShdan tadbirda vitse-prezident Kamala Harris va Davlat kotibi Entoni Blinken qatnashyapti. Blinken Xitoy delegatsiyasi rahbari Van Yi bilan ikki tomonlama aloqalar xususida gaplashishi mumkin.

Xitoy sobiq tashqi ishlar vaziri hozirda Kommunistik partiyaning Tashqi aloqalar bo’yicha markaziy komissiyasi bosh idorasini boshqaradi. Xitoyga tegishli josus havo sharining AQSh uzra uchib o’tishi va urib tushirilishi ketidan ikki davlat aloqalarida yangi sovuqlik vujudga keldi, Blinkenning Xitoyga safarini bekor qilishiga sabab bo’ldi.

Myunxen anjumanida 40 ga yaqin davlat rahbarlari hamda salkam 100 mamlakatdan rasmiylar va xavfsizlik ekspertlari qatnashmoqda.

Zelenskiy bugun Kiyevda Niderlandiya Bosh vaziri Mark Rutte bilan uchrashdi. Germaniya, Niderlandiya va Daniya Ukrainaga “Leopard-2” tanklarini yuborish arafasida turibdi.

Ruttega ko’ra, uning mamlakati Rossiyani urush jinoyatlari uchun sudlash maqsadida maxsus tribunal tashkil etishga tayyor.

Zelenskiy G’arb Ukrainaga hech qanday cheklovlarsiz qurol yuborishi kerakligini aytdi.

Bugun Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Moskva yaqinida Belarus rahbari bilan ko’rishdi. Aleksandr Lukashenkoning aytishicha, Belarus Rossiya ehtiyojlari uchun jangovar samolyotlarni to’plashga rozilik bergan.

Rossiya AQSh davlat kotibining o’rinbosari Viktoriya Nulandning Qo’shma Shtatlar Ukrainaning Qrimga hujumlarini qo’llab-quvvatlashi haqidagi izohlarini qoralamoqda. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Mariya Zaxarovaning aytishicha, bunday gaplar AQShning mojaroga bevosita aralashganini ko’rsatmoqda.

Nuland Vashingtonda joylashgan Karnegi jamg’armasidagi chiqishida Qrimni Ukraina uchun qonuniy nishon deb atadi.