Nyu-Yorkdagi masjid yonida ikki musulmon otib ketilgan

  • Amerika Ovozi

Qotillik sodir etilgan joyda namoyish, Nyu-York, 13-avgust, 2016-yil

Nyu-Yorkning Kvins rayonida 55 yashar imom va Al-Furqon Jome masjidining bir xodimi otib ketilgan. Qotil qochishga muvaffaq bo'lgan.

Politsiyaning xabar berishicha, voqea Kvinsning Ozon Park dahasida shanba kuni peshinda sodir bo'lgan. Qurollangan bir odam namoz o'qib chiqayotgan imom Maulama Akonji va 64 yashar Tara Uddinni masjid tashqarisida orqadan turib boshiga otgan.

Voqea sabablari aniqlanmoqda. Bu masjidga, asosan, bangladeshlik jamoa vakillarining qatnashi ma'lum. Ular politsiyadan aybdorni topib jazolashni talab qilmoqda. Shanba kuni bir necha odam adolat talab qilib, masjid oldida namoyishga to'plangan.