Myanmada chorak asrda ilk bor erkin saylovlar o'tdi

  • Amerika Ovozi

Myanma davlatida so'nggi chorak asrda ilk bor erkin saylovlar o'tkazildi. Ilgari Birma deb atalgan bu mamlakatda saylovchilar barmoq izini qoldirish orqali ovoz bergan. Ayrimlar umrida ilk bor saylovga chiqqani aytiladi.

Myanmada 32 million odam saylovchi sifatida ro'yxatga olingan. Milliy parlamentning quyi va yuqori palatalari hamda mahalliy qonunchilik kengashlaridagi o'rinlarga 6000 dan ziyod nomzod da'vo qilmoqda. Rasmiylarga ko'ra, saylovchilarning 80 foizi jarayonda qatnashgan.

Saylovda roxinjalik musulmonlar ovoz bermagan. Ular bangladeshlik kelgindi sifatida ko'riladi va fuqarolikdan mahrum.

Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureati Au San Su Chi yetakchiligidagi muxolif partiya - Demokratiya uchun milliy ligadan ham nomzodlar saylovlarda ishtirok etdi. Liga parlamentdagi o'rinlarning uchdan ikki qismini qo'lga kiritsagina, hukumatni shakllantirib, prezident tanlash imkoniga ega bo'ladi. Aks holda maydaroq partiyalar bilan koalitsiya tuzishga harakat qiladi.

70 yashar Au San Su Chining o'zi prezident bo'la olmaydi. Qonunga ko'ra, xorijda tug'ilgan farzandlari yoki turmush o'rtog'i bo'lgan nomzod bunday imkoniyatdan mahrum. Faolning turmush o'rtog'i Britaniya fuqarosi bo'lgan.

Harbiylar tomonidan qo'llab-quvvatlanayotgan hukmron Birdamlik va taraqqiyot ittifoqi partiyasi esa ovozlarning uchdan bir qismini olsa ham hukmronligini saqlab qoladi, chunki qonunga ko'ra, parlamentdagi o'rinlarning 25 foizi avtomatik ravishda harbiylarga beriladi.