Myanma va Gaitida hukumatga qarshi namoyishlar

  • Amerika Ovozi

Myanmada davlat to’ntarishiga qo’l urgan harbiylarga qarshi namoyishlar davom etarkan, politsiya rezinali o’q va suv bilan namoyishchilarni qaytarishga urinmoqda. Ba’zi joyda haqiqiy o’q ovozlari eshitilgani xabar qilinmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 9-fevral, 2021-yil

Harbiylar tomonidan tayinlangan hukumat ko’p sonli namoyishlarni man qilganiga qaramay, odamlar ko’chalarni to’ldirmoqda.

Poytaxt Neypidoda 4 odam rezinali o’qdan jabr ko’rgan, biri boshidan o’q yeb, ahvoli og’ir.

Politsiya Mandalay shahrida kamida 27 odamni, jumladan bir muxbirni hibsga olgan.

Rangunda esa haloyiq uch barmog’ini havoda ko’tarib, namoyishchilar bilan birdam ekanini bildirdi. Shahar markaziga yetaklovchi ko’priklar yopilgan.

“Harbiy to’ntarishdan oldin har tongni umid bilan kutib olar edik, endi esa umidlar so’ndi”, - deydi namoyishchilardan biri.

Harbiy xunta rahbari katta general Min Aun Xlayn davlat to’ntarishidan keyin ilk bor televideniye orqali xalqqa murojaat qilib, harbiylar harakatini noyabr oyida o’tkazilgan parlament saylovlarida ovozlar soxtalashtirilgani bilan asosladi. Generalning aytishicha, bundan keyin haqiqiy va intizomli demokratiya o’rnatiladi.

Harbiylar yangi saylov o’tkazishga va’da bergan, ammo qachonligi hozircha noma’lum.

Gaitida esa Prezident Jovenel Moiz 5 yillik muddati tugashi ketidan hokimiyatni topshirishdan bosh tortgani omma noroziligiga sabab bo’lmoqda. Poytaxt Port-O-Prensda namoyishchilar politsiya bilan to’qnashib, tosh otgan. Posbonlar ko’zni yoshlantiruvchi gaz va qurol bilan javob berdi.

Muxolifat yetakchilari va ularning tarafdorlari davlat rahbarini iste’foga chaqirmoqda.

Davlat to’ntarishini rejalash va prezidentga qarshi fitnaga aloqadorlik gumoni bilan yakshanba kuni 23 kishi, jumladan Oliy sud raisi va politsiya bosh inspektori hibsga olingan.

Moizning aytishicha, so’nggi prezident saylovidan so’ng muvaqqat hukumat mamlakatni bir yil boshqargani uchun u prezidentlikni yana bir yil o’tashi kerak.

Namoyishchilar, shuningdek, turmushni yaxshilashga, korrupsiyani tugatishga, garov puli uchun odam o’g’irlash holatlariga barham berishga chaqirmoqda.