Myanmada namoyishlar, ish tashlashlar davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

Myanmada davlat to’ntarishini uyushtirgan harbiylarga qarshi namoyishlar, ish tashlashlar davom etarkan, politsiya odamlarni tarqatish uchun suvni, rezinali o’qlarni ishga solmoqda. O’tgan hafta poytaxt Neypidoda boshidan o’q yeb kasalxonaga joylashtirilgan bir namoyishchining jon berishi kutilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 18-fevral, 2021-yil

Harbiylar davlat to’ntarishini 8-noyabr kungi saylovda ovozlar soxtalashtirilgani bilan asoslamoqda. Biroq saylov komissiyasi “Demokratiya uchun milliy liga” partiyasi g’alaba qozongan saylov halol o’tganini bildirgan.

Harbiylar fuqarolarni namoyishlarga gijgijlash ayblovi bilan kino va shou-biznes yulduzlaridan olti nafarini hibsga olishni buyurgan.

Harbiy xunta davlat xizmatchilariga ishga qaytishni buyurishiga qaramay, ish tashlashlar davom etmoqda.

Kuzatuvchilar toqati toq bo’layotgan hukumat zo’ravonlikka qo’l urishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Qo’shma Shtatlar va boshqa mamlakatlar talabi va bosimiga qaramay, xunta hokimiyatni topshirishdan bosh tortmoqda.

“Demokratiya uchun milliy liga” partiyasidan sobiq qonunchi Kyi Pyarning aytishicha, xalq demokratiyani tiklashni istasa, namoyishlarni bo’shashtirmasligi kerak.

Ba’zi namoyishchilar avtomobillarini yo’lning o’rtasiga qo’yib, kapotini ochib, xavfsizlik kuchlari mashinalari yo’lini to’smoqda.

“Biz bu bilan harbiy rejimga qarshi ekanimizni ko’rsatmoqchimiz”, - deydi haydovchilardan biri.

Harbiylar hukmron partiya rahbari Au San Su Chini hibsxonadan ozod etishni xayoliga keltirgani yo’q. Tinchlik uchun Nobel mukofoti sohibasiga avval import-eksport qonunlarini, so’ng tabiiy ofatlar haqidagi milliy qonunni buzganlik aybi qo’yildi.